So‘nggi uch yilda 500 dan ortiq xonadonlar seldan zarar ko‘rgan: buning oldini olish uchun nima qilish kerak?

2018-2021 yillarda viloyatimizda Nurobod tumanida ikkita va Paxtachi tumanida bitta toshqin va sel bilan bog‘liq favqulodda vaziyat, 20 marta ko‘ngilsiz holat sodir bo‘lgan.

Buning oqibatida 3 nafar fuqaro jabrlanib, shuncha odam halok bo‘lgan. Sel-toshqinlari 35 ga yaqin infrastruktura ob’yektiga (ko‘priklar, yo‘llar, kommunal tizimlar) 500 dan ortiq aholi xonadonlariga zarar yetkazgan.

Guvohi bo‘lyapmizki, joriy yilda ham yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lyapti. Mazkur tabiat hodisasi turli ko‘ngilsizlik va ofat keltirmasligi uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir qator jihatlar bor.

Xususan, daryo, kanal, ariq, zovur va boshqa suv o‘tkazuvchi inshootlarga yaqin hududlardan jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratilishida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 dekabrdagi 981-sonli qarori talablari bajarilishini ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi boshqarmalari hamda mahalliy hokimliklar nazorat qilishi kerak.

Shahar va tumanlarda ariq va kanallarni inventarizatsiyadan o‘tkazib, tegishli xizmatlar hamkorligida tozalash, ta’mirlash muhim ahamiyatga ega. Daryo, kanal, ariq, zovur va boshqa suv o‘tkazuvchi inshootlar atrofida noqonuniy qurilgan va yomg‘ir suvlari, sel va suv toshqinlarini betalofat o‘tkazishga to‘sqinliq qiladigan ob’yektlarni aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlarini davom ettirish kerak.

Bundan tashqari, tog‘ va tog‘oldi hududlaridan yer uchastkalarini ajratish hamda bino va inshootlarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishdan oldin hududda gidrometeorologik va geologik xavf darajasi bo‘yicha Gidrometeorologiya boshqarmasi va xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati Samarqand stansiyasidan xulosa olish amaliyotiga rioya etish shart.

Bugungi kunda Urgut tumanida 4 ta va Samarqand shahrida 1 ta xo‘jalik sel xavfi bo‘lgan hududda yashaydi. Ularni xavfsiz hududga ko‘chirish, xavfli hududdagi turar joylarini to‘liq buzib tashlash zarur.
Bu kabi va chora-tadbirlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfni kamaytirib, uning oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi.

Nuriddin Karimov,
viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i.