Parhez qilib ozdingizmi? Natijani saqlab qoling!

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ozgach, yana qayta semirib ketmaganlar atigi 5 foizni tashkil etadi. Xo‘sh, nima uchun qolgan 95 foiz inson yana semiradi va ozish yo‘llarini qidirishga majbur bo‘ladi?

«Nega yana semiryapman?»

Vaznning qayta oshishi, odatda, avvaldan noto‘g‘ri ozish oqibati bo‘ladi. Ko‘pchilik «Bir hafta chidab tursam, keyin bemalol yashayveraman», degan fikrda bo‘ladi. Afsuski, organizm sizning bu makringizga chuv tushmaydi. Bemalol ovqatlangach, bo‘shab qolgan teri osti yana to‘la boshlaydi. Boz ustiga, avvalgidan ham ko‘proq semirganingizni sezib qolasiz. Gap shundaki, organizm yog‘ni quvvat uchun sarflaydi. U mabodo “ocharchilik” boshlanib, odamga quvvat yetishmasa, teri ostida yig‘ilgan yog‘ zaxirasini ishlata boshlaydi. Bilsangiz kerak, organizm hayot uchun kurashishga dasturlangan. Siz parhez qilganingizda, organizm «ocharchilik boshlandi» degan fikrga keladi va zaxira g‘amlashni boshlaydi. Buning ustiga kam harakat qilsangiz, zaxira borgan sari ortib boraveradi. Shuningdek, qisqa parhezlarda, mushaklar massasi kamayadi. Yog‘lar esa aynan mushakda parchalanadi. Ular kam bo‘lgach, parchalanish jarayonlari ham shunga yarasha bo‘ladi-da.

Yana bir gap: bordi-yu, fitnes-klublarda bir oy davomida ozgan bo‘lsangiz-u natijadan xursand bo‘lib, mashg‘ulotlarni tashlab qo‘ysangiz, yana semira boshlashingiz tabiiy. Negaki, organizm ma’lum bir miqdorda quvvat sarflashga moslashadi. U ko‘nikkan quvvatni ketkazmasa, yana yog‘ yig‘ila boshlaydi.

Xulosa shuki: agar siz nafaqat ozish, balki uning natijasini saqlab qolishni maqsad qilgan bo‘lsangiz, ilgarigi «bemalol hayot» emas, sog‘lom turmush tarzi haqida o‘ylang.

Nima yeymiz?

Organizmni och qoldirmaslik juda muhim. Ammo bu to‘yib ovqatlanish degani emas. Kam-kamdan 5-6 mahal ovqatlanish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, suv ichish tartibini ham unutmang: har kuni 1,5-2 l suv yoki oddiy shakarsiz choy ichish kerak. Shunda moddalar almashinuvini izga tushirib, ortiqcha ovqatlanib qo‘yishdan saqlanasiz.

Taomnomada barcha turdagi mahsulotlar bo‘lishi lozim: boshoqlilar, dukkaklilar, sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, yog‘ va oqsillar. Bordi-yu, biror mahsulot tanqislik qilsa, organizm yetarlicha vitamin va minerallar bilan to‘yinmaydi va ochlikni his qiladi. Buning natijasida esa yana ko‘proq ovqatlanib qo‘yganingizni bilmay qolasiz.

Sayrga chiqamiz!

Ovqatlanishni kamaytirib, ozish mumkin, ammo jismoniy mashqlarsiz natijani ushlab turish mushkul. Eng oddiysi – vaznni qaytarmaslik uchun kuniga taxminan mingta qadam tashlash kerak. To‘g‘ri ovqatlanish bilan birga! Bunda oddiy uy yumushlarini bajarishdagi harakatlar ish bermaydi. Yarim – bir soat tez harakatlar bilan yurishning foydasi bo‘ladi. Masalan, do‘konga chiqishda piyoda yurish yaxshi fikr, lekin u kunning ma’lum bir vaqtida, muntazam bajarilishi kerak.

Bunga haftasiga 20–30 daqiqalik fitnesni qo‘shsangiz, juda soz bo‘ladi. Istalgan mashqni tanlang: oddiy aerobika, raqs, arqonda sakrash, yoga, roliklarda uchish va h.k. Asosiysi, mashg‘ulotlar rohat bag‘ishlashi kerak.