Parijdagi Eyfel minorasi faoliyatini boshladi
Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar sababli vaqtincha yopilgan Parijning Eyfel minorasi oradan uch oy o‘tib, yana o‘z faoliyatini qayta tikladi. Bu haqda minora saytida xabar qilindi.
Minoraga tashrif buyurishni istovchilar uchun onlayn-chiptalar 18 iyun sanasidan sotuvga chiqarildi. Biroq mehmonlardan ayrim sanitariya qoidalariga amal qilish talab etiladi. Jumladan, ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqish. Shu bilan birga tashrif buyuruvchilar soni ham cheklanadi.
25 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 (13:00 – Toshkent vaqti) minora mehmonlarni qabul qilishni boshladi. Ma’lum qilinishicha, 1 iyul sanasiga qadar minora liftlari ishlamaydi, faqat piyoda sayr qilishga ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, Parijning boshqa diqqatga sazovor maskanlari ham o‘z faoliyatini tiklamoqda. Ayni vaqtda Eyfel minorasi bilan birga Versal saroyi ham ochilgan. Dunyoga mashhur Luvr muzeyi faoliyati 6 iyuldan boshlab tomoshabinlarni qabul qila boshlaydi.