Partiya yetakchisi yoshlarni eshitdi

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi, xalq deputatlari viloyati Kengashi deputati Badriddin Nasriyev kecha Samarqand shahridagi Humo mahallasi yoshlari va Samarqand xalqaro texnologiya universitetida talabalari bilun uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda shu yilning 24 fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ilgari surilgan 32 tashabbus va g‘oyalarning yurtimiz yoshlari uchun yaratadigan imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.

Jumladan, B.Nasriyev yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun endilikda o‘zini o‘zi band qilganlarga ajratiladagin kredit miqdori 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshirilishi, yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit berilishi juda katta imkoniyat ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, partiya dasturlarida yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun ilgari surilgan maqsad va vazifalar, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda Dilorom Usmonova, Dilfuza Jumayeva va boshqa yoshlar turli masalalar, muammolar yuzasidan deputatga murojaat qildilar. B.Nasriyev har bir murojaat yuzasidan tushunchalar berdi, muammoli masalalar tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etilishi aytildi.

O‘zXDP Samarqand viloyati kengashi axborot xizmati