Past Darg‘omda madaniyat sohasidagi muammolar qachon hal etiladi?
Yoxud tumanda ijtimoiy sohaga oid ma’lumotlar maxfiymi?
Viloyatdagi 80 ta madaniyat markazidan 62 tasi o‘z binosiga ega bo‘lsa, 18 tasida bino yo‘q, hududlardagi aksariyat madaniyat markazlari ta’mirtalab, moddiy texnik bazalari yaxshi emas, sohada kadrlar bilan bog‘liq muammolar bor.
Past Darg‘om tumani madaniyat bo‘limi faoliyati bilan tanishib, bunga amin bo‘ldik.
- Madaniyat bo‘limi tasarrufida 3 ta musiqa va san’at maktabi, 8 ta madaniyat markazi faoliyat yuritadi, - deydi tuman madaniyat bo‘limi badiiy rahbari Eshmurod Abro‘ev. – Ularda 30 ga yaqin to‘garak, ansambl va musiqiy guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yoshlarimiz viloyat va respublika tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Shu bilan birga, xodimlarimiz ham tumanda tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Tizimda yutuqlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Jumladan, tumandagi barcha madaniyat markazlarida isitish tizimi ishlamaydi. Chunki isitish qozonlari gaz bilan isitishga mo‘ljallangan, lekin gaz yo‘q. Ko‘mir berilgan, biroq isitish uchun qozonlarni ham shunga moslab ta’mirlash kerak.
Tumandagi Navro‘z mahallasida joylashgan 60-madaniyat markazi avariya holatida, madaniyat markazlarida teatr tomoshalari va spektakllar qo‘yish uchun xoreografiya zallari, to‘garak xonalari va media apparatlar yetishmaydi. Xodimlarning maoshi kam, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj bor, tashkilotlar va mahallalardagi tadbirlarni o‘tkazish uchun madaniyat bo‘limi hamda madaniyat markazlari bilan shartnoma qilinmagan.
Darvoqe, mazkur tumanga safarimiz davomida tuman hokimligidan ijtimoiy soha ob’yektlariga taalluqli ma’lumotlarni ololmadik va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot beradigan mas’ul ham topilmadi. Ushbu holatga va yuqorida qayd etilgan muammolar yechimi yuzasidan tuman hokimligi qanday izoh berarkan?..
F.Ro‘ziboyev