Past Darg‘omda mahallabay ishlashning yangi tuzilmasi joriy etiladi
Bu masala ijrosini Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov nazorat qilib, zarur tavsiyalar berib bormoqda. Tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni masala qizg‘in muhokama etildi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 15-16 aprel kunlari Samarqandga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari mahallabay ishlashda Samarqand tajribasini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini bergan edi.
Bunda tajriba sifatida tumanda "Mahallabay ishlash markazi"ni tashkil etish belgilangan. Markazning har bir inspektori uchtagacha mahallaga biriktiriladi. Shuningdek, yangi tizimga ko‘ra, mahalla raisining tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shtati hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘rinbosari boshqaruviga beriladi.
Darhaqiqat, “mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini fuqarolarga yanada yaqinlashtirish, aholi va tadbirkorlarning muammo va murojaatlarini aniqlash hamda ularni samarali hal etish yo‘lga qo‘yilyapti.
- Bu borada Samarqand tajribasini amaliyotga joriy etish maqsadida davlatimiz rahbarining qarori loyihasi ishlab chiqildi, - dedi J.Qo‘chqorov. – Yangi tashkil etiladigan markaz mahallalar kesimida to‘plangan muammo va murojaatlarni muvofiqlashtirib, ularni hal etishni tashkil etadi. Asosiysi, u amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashida hisobot berib boradi.
Joriy yil 1 mayidan Past Darg‘om tumanida iqtisodiy blok strukturasini takomillashtirgan holda mahallabay ishlash tizimi joriy etiladi. Bu tizim Urgut va Bulung‘ur tumanlarida 1 iyuldan hamda viloyatning qolgan tuman (shahar)larida 1 dekabrga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
J.Qo‘chqorov yangi tizim afzalliklari, undan ko‘zlangan maqsad hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida fikr-mulohazalarini bildirib, bu borada mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.
Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati.