Pastdarg‘omlik tibbiyot xodimlarining ish haqi to‘lab berildi

Joriy yilning 27 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Past Darg‘omdan jalb etilgan tibbiy xodimlarga haligacha ish haqi to‘lanmadi” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

Mazkur holat moliya organlari tomonidan o‘rganilganda, haqiqatdan ham Samarqand shahrida tashkil etilgan Davolash va taqsimlash markaziga jalb etilgan Past Darg‘om tumani tibbiyot birlashmasida ishlovchi tibbiyot xodimlarining ro‘yxati viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan moliya bosh boshqarmasiga taqdim etilmaganligi aniqlandi.

Viloyat moliya bosh boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-sonli yig‘ilish bayonining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomning 8-bandida nazarda tutilgan, ro‘yxatga kirgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, agentlik va hududiy SEO markazlari, shuningdek, bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning hamda tegishli hududda joylashgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan xodimlarining ro‘yxati (lavozimi), familiyasi (ismi va sharifi) kesimida shakllantirilgan tabellar (ish haqi berish uchun vedomostlar) ularning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan holda tegishliligi bo‘yicha sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalariga har 5 kunda taqdim etib borilishi belgilangan.

Cog‘liqni saqlash boshqarmasi agentlik va hududiy SEO markazlari tomonidan tegishliligi bo‘yicha taqdim etilgan xodimlar ro‘yxati asosida, talabnomalarni jamlagan holda lavozimi, familiyasi (ismi va sharifi) kesimida shakllantirilgan tabellar (ish haqi berish uchun vedomostlar) asosida buyruq qabul qilinadi hamda ushbu talab etiladigan mablag‘lar moliya organlari tomonidan jalb qilingan xodimlarning asosiy ish joyi hisoblangan muassasa (tashkilot)larga o‘tkazib beriladi.

Past Darg‘om tumanidan ishlagan xodimlarning muammosi bartaraf etilib, joriy yilning 30 oktyabr kuni tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan xodimlarning plastik kartalariga pul mablag‘lari o‘tkazib berildi.

Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.