Paxtachi tumanida ikki fuqaroning janjali taraflardan birining o‘limiga sabab bo‘ldi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Viloyat prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mash’um voqea 18 fevral kuni sodir bo‘lgan. I.Sh tanishi R.R bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik sabab unga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazgan. Oqibatda R.R olgan tan jarohati tufayli vafot etgan.
Tuman prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan I.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Paxtachi tumanidagi 25-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov, tuman hokimi M.Hamdamov mahalla oqsoqollari, tuman imom-xatibi, tumandagi mutasaddi idora va tashkilot rahbarlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama o‘tkazgan.
Muhokama davomida ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari yuzasidan mas’ul rahbar va xodimlarning tushuntirish va izohlari eshitilgan.
Yakunda bu kabi jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.