Payariqda chigit ekish boshlandi, g‘o‘zaning “Adolat” navi fermerlarga daromad keltiradimi?
2021 yil hosili uchun tumanda 411 ta fermer xo‘jaligi va 2 ta klaster korxonasi tomonidan 12 ming 459 gektar yerga g‘o‘zaning “Buxoro-102”, “S-8286” hamda istiqbolli va yuqori hosilli sanalgan “Adolat” navi chigiti ekiladi.
Mavsumda 165 ta chigit ekish seyalkalaridan foydalaniladi va ularning 24 tasi zamonaviy pnevmotik seyalkalardan iborat. Buning uchun 165 ta otryad tuzildi va chigit ekish ishlarida qatnashadigan 660 nafar muhandis-texnik xodimlar uchun dalaning o‘zida zaruriy sharoitlar yaratildi.
Har bir hududda, qishloq xo‘jaligi texniklariga texnik xizmat ko‘rsatish mobil guruhlari tashkil etilib, yoqilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ta’minlash tizimi yaratildi.
“Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida chigit ekish ishlarining boshlanishi, mavsumni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda soha mas’ullari chigit ekishdan hosil yetishtirishgacha bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, ishchilarga zarur sharoit yaratish masalalariga to‘xtaldi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.