Payariqda koronavirus bilan kasallangan fuqaro aniqlangani rostmi?

Bayram ta’tilida uyda o‘tirgandim. Tanishim telefon qilib, koronavirus vahimasidan asablar charchaganini gapirib qoldi. Aytishicha, Rossiyadanmi yoki boshqa chet davlatdan kelgan bir odamning uyiga oq xalatli kishilar (sog‘liqni saqlash xodimlari) kelib, olib ketishgan ekan.

Tanishimning ovozida qishlog‘idagi shov-shuvdan vahima va xavotir sezilardi: “mahallamizdan koronavirus chiqibdi”. Bu shov-shuvli xabarga oydinlik kiritish maqsadida tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi epidemiolog vrachi M.Ravshanovaga telefon qilib, bo‘lib o‘tgan suhbatni gapirib berdim.

Uning xabar berishicha, chet eldan kelgan fuqarolarning uylariga borib, karantinda yashashni - o‘zi bir xonadan chiqmay, idish-tovog‘ini alohida qilish buyurilayapti. Bundan tashqari, hududiy sog‘liqni saqlash bo‘linmasi bilan hamkorlikda u bilan muloqotda bo‘lgan kishilar ro‘yxati shakllantirilib, ular ham ogohlantirilyapti.

Bugungi kungacha tumanda chet eldan kelib, nazoratga olingan fuqarolar soni 275 nafarga yetdi. Ularga cheklovlar o‘rnatilgan. 14 kun davomida agar kasal bo‘lsa, isitma qilsa, darhol shifokorlarga murojaat qilishlari so‘ralmoqda. Xullas, tanishimning vahimasi bekor ekani, bu bilimsiz kishilarning tushunmovchiligi sababli kelib chiqqan navbatdagi asossiz xabar ekanligi aniq bo‘ldi.

Keling, siz ham vahimaga tushmang va vaziyatni xotirjam tahlil qiling. Birinchi navbatda, niqob taqing va o‘z mikroblaringizni birovga o‘tkazmaslik, birovnikini yuqtirib olmaslik choralarini ko‘ring. Ko‘proq ishlang, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullaning, sog‘lom ovqatlaning. Bu immunitetingizni yaxshilaydi.

Buning ustiga ruhiy holatingiz xotirjam va xursandchiligingiz ziyoda bo‘lsa, virus sizga yaqinlashmaydi. Odamlardan har xil vahimalarni eshitib, shoshib qolmaysiz. Boshqalarni har xil bo‘lmag‘ur xabarlar bilan bezovta qilmaysiz. Muhimi, shifokorlar tavsiyalariga amal qiling!

Azamat TOVBOYEV,

xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi deputati.