Payariqlik 576 nafar pedagog-xodimlardan 60 nafarida COVID-19 virusiga birlamchi musbat natija bergan

O‘quvchilarni ta’lim jarayoniga jalb qilish borasida sinf rahbarlari tomonidan bugungi kunga qadar 47810 nafar (96,5 %) ota-onalar bilan muloqot qilindi. Shundan 35850 nafar (72,3%) ota-onalar an’anaviy ta’lim shaklini, 11959 nafari (27,3%) esa masofaviy ta’lim shaklini tanladi.

2020-2021 o‘quv yiliga 96 ta maktab tayyor holga keltirilgan bo‘lib, maktablar faoliyati tiklanganda o‘quvchilar sog‘ligini himoyalash uchun jami 208 dona pirometr, 672 dona dozatorlar, 21452 litr antesiptik aralashmalar va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun 3128 dona tibbiy niqoblarga ehtiyoj mavjud.

Tuman SEO markazi tomonidan tumandagi 99 ta umumta’lim maktablaridan hozirga qadar 55 tasi o‘rganib chiqilgan bo‘lib, faoliyatini tiklashga tayyor bo‘lgan maktablarga maktab faoliyatini an’anaviy tarzda  davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Hozirga qadar tuman SEO markazi tomonidan tumandagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 1860 nafar pedagog-xodimlar COVID-19 virusiga test topshirgan bo‘lib, hamma tahlil javobi chiqmagan. 1-kuni test topshirgan 576 nafar pedagog-xodimlardan 60 nafarida COVID-19 virusiga birlamchi musbat natija bergan va ushbu fuqarolarga nisbatan provizor gospitaliga yotqizilishi va profilaktik tadbirlarni o‘tkazilishi bo‘yicha xulosa berildi.