Payariqlik qimorbozlarga chora ko‘rildi
Odatda mayda jinoyatlar kishining biror tayinli mashg‘uloti bo‘lmaganidan kelib chiqadi. Ayniqsa, qorli-qirovli kunlarda uch-to‘rtta bekorchining boshi biriksa, o‘zi uchun ham, jamiyat uchun ham zararli bo‘lgan ishlarga qo‘l uradi.
Payariq tumani Bobur mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Bo‘zg‘ovul va Beshxo‘ja qishloqlarida yashovchi E.To‘xtayev, A.Mavlonov, G‘.Pardayev, R.Saidov va U.Mannonovlar o‘zlariga ana shunday bema’ni ermak o‘ylab topdi. Ular mahalladagi eski masjid hovlisida yig‘ilib, o‘rtaga pul qo‘yib qimor o‘ynashni odat qildi.
Joriy yilning 4 fevral kuni ham soat 19:00 larda navbatdagi o‘yin boshlandi.
Muqaddas islom dinimizda qimor kishilar o‘rtasida adovat va yomonlik urug‘ini sochuvchi illat sifatida qattiq qoralanadi. Bunday ish qilganlar ikki dunyoda ham zarar ko‘ruvchilar deb ta’riflanadi. Aslida, mantiqan o‘ylaganda ham yutqazgan qimorboz undan mablag‘ini yutib olgan raqibini yaxshi ko‘rmaydi, uni o‘ziga do‘st sanamaydi. O‘yin so‘nggida chiqqan janjal va dushmanliklarning oqibati ko‘pincha ayanchli jinoyatlar bilan tugaydi.
Yaxshiyamki, beshovlonning o‘yini oxiriga yetmadi. Payariq tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlarining eski masjid hovlisiga kirib kelishi bilan qimorbozlar o‘yini yakunlandi.
Huquqbuzarlarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rildi.
Farrux SALOMOV,
Payariq tumani ma’muriy sudi raisi.