“Qimorboz”ning ko‘zyoshi yoxud qayta topilgan baxt

Yaqinda sayohatga chiqqandim. Yo‘lda hamroh bo‘lgan kishi bilan suhbatlashib ketdik. Boshida oddiy gaplar - ish, oila, hayot haqida. Keyin u bir lahza jim bo‘lib qoldi...
Uzoqqa tikilib, “Bilasizmi, men ham odam bo‘ldim... Lekin juda kech”, - deya so‘zini davom ettirdi.
- Aka, nega bunday deyapsiz? - so‘radim hayron bo‘lib.
- E, uka, hayotimni kino qilsa bo‘ladi, - deb kulimsiradi-da, dilidagini to‘kib-soldi.
- Maktabda “ikki”chi edim. O‘qishga ham, ishga ham ishtiyoqim yo‘q edi. Ustozlarim va ota-onam ham menga katta umid bog‘lashmagan. Bir kuni bekorchilikdan bir davrada qimor o‘yiniga aralashib qoldim. Boshida omadim zo‘r keldi. Ko‘p o‘tmay, tirikchiligim shu o‘yinga bog‘landi. Qimor menga pul, mashina berdi. Bir qarashda hayotim izga tushgandek edi. Ammo o‘sha “omad” aslida halokat eshigining kaliti ekanini bilmasdim.
Suhbatdoshimning bu gapidan so‘ng uning hayotida qandaydir fojia yuz bergan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
- Keyin nima bo‘ldi? - dedim garchi gapim noo‘rin bo‘lsa ham.
- Yillar o‘tdi. Qimor illatga, ichkilik va chekish esa odatga aylandi. Ko‘chada yuz ko‘rsatish uyat bo‘ldi - qarz, urush-janjal, mahalla-ko‘y oldida ota-onam bosh ko‘tara olmasdi. Qarzimni to‘lash uchun bor budini sotardi. “Balki uylansa to‘g‘ri yo‘lga kirar”, deb o‘ylashdi. Uylandim, farzand ko‘rdim, ammo o‘zgarmadim. Oilam meni tashlab ketdi. Qizig‘i, o‘sha paytda ham o‘zimni oqlashga harakat qilardim. “Hayot shunday”, derdim. Aslida hayot bunday emas ekan. Men hayotni buzgan ekanman.
Bir kuni tong saharda butun qishloqni larzaga solgan xabar keldi: 4-sinf o‘quvchisi o‘zini osibdi. Shifoxonaga olib ketishgan. Keyin bilsam, bu mening bolam ekan.
Ko‘ziga yosh olgan suhbatdoshimni tinglar ekanman, undan nafratlanishni ham, tasalli berishni ham bilmasdim.
- “Qimorbozning o‘g‘li” degan laqab, masxara, nafrat bolamning kichik yuragiga sig‘magan, - dedi hamrohim ko‘z yoshini artib. - U esa mendan farqli o‘laroq vijdonli ekan.
Oradagi sukunatdan so‘ng suhbatdoshimdan so‘radim:
- Oilangiz bilan yarashdingizmi?
- Ha. Ulardan kechirim so‘rab, uyga qaytardim. Qimorni, ichkilikni butunlay tashladim. Xorijda ishlab qarzlarimni uzdim. Bugun bu voqealarning hammasi o‘tmishda qoldi. Hozir oilam yonimda, farzandim maktabda eng zo‘rlardan. Eng muhimi, men endi insonman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.