IIV feysbukda tarqalgan onlayn kazino firibgarlaridan ogohlantirdi

Internet monitoringi davomida, joriy yilning 13 iyulida «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida «Biznes Uzbeki» nomli guruhda "otpravlyu lyubomu etu summu na plastik. Zachisleniye na schyot 31.000.000 sum" mazmunida xabar joylashtirilganligi aniqlangan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu sahifa yaratuvchisi va foydalanuvchisini aniqlashning texnik imkoniyati mavjud emas.

Yuqoridagi xabar ostida «Prisoyedinyaytes!» nomi bilan mavjud bo‘lgan «Telegram» messenjeridagi «3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿» kanaliga o‘tish ko‘rsatilgan.

Ushbu kanaldagi 70 ga yaqin video va audio fayllar o‘rganib chiqilganida, xorijiy davlatlar fuqarolarining Parimatch (Parimatch) nomli totalizator o‘yinini o‘ynab, katta miqdorda pul yutib olganligi to‘g‘risida, intervyulari joylashtirilganligi ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumot uchun: «Pari-Match» bukmekerlik kompaniyasi 2018 yilda Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tgan, 2022 yil mart oyidan uning nomi «Paribet» deb o‘zgartirilgan, uning bir qancha soxta sahifalari mavjud bo‘lib, ular orqali aldov yo‘llari bilan fuqarolarning mablag‘lari qo‘lga kiritilmoqda.

Shuningdek «3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿» nomli kanalda «Pari-Match» bukmekerlik kompaniyasining soxta sahifalariga yo‘naltiruvchi havolalar joylashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchilar ularga kirgan vaqtida to‘g‘ridan to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tish (hech bir tasdiqlash kodi so‘ralmaydi) imkoniyati yaratiladi.

Foydalanuvchilarni totalizator o‘yinlariga yanada qiziqtirish maqsadida, ushbu soxta resurslar tomonidan 2 mln. so‘mdan 20 mln. so‘mgacha mablag‘lar o‘yin ishtirokchilariga «bonus» sifatida berilayotganligi ko‘rsatiladi.

Mazkur totalizator o‘yinining soxta sahifasi orqali o‘yin o‘ynash uchun foydalanuvchilar tomonidan o‘zbek so‘mida Uzkard va Xumo to‘lov tizimlari orqali har bir stavkaga eng kamida 50 ming so‘m pul mablag‘larini to‘lash mumkin bo‘ladi. O‘yin orqali ishtirokchilarga 20 mln. so‘mdan 40 mln. so‘mgacha bo‘lgan mablag‘larni osongina yutib olish to‘g‘risida yolg‘on e’lonlar joylashtirib boriladi.

Totalizator o‘yinidagi yutuqlar foydalanuvchining sahifasida onlayn shaklda ko‘rinib turadi, biroq ularni bank kartasiga o‘tkazib olish so‘ralganda, tizim tomonidan foydalanuvchi sahifasi avtomatik ravishda bloklanadi yoki unga yutuq sifatida ko‘rsatilgan pullarni olish imkoniyati cheklab qo‘yiladi.

O‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, «Telegram» messenjeridagi «3arabotok v Uzbekistane 🇺🇿» kanali administratori sifatida fotosurati va ismi ko‘rsatilgan shaxs 1994 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan P.Ye. ekanligi, aslida esa uning ushbu noqonuniy kanalga aloqasi yo‘qligi, 2022 yil 11 maydan buyon Seul (J.Koreya) davlatida ekanligi, mazkur telegram kanali esa, Ukraina davlati hududidan turib boshqarilayotganligi aniqlangan.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan oson pul topish bilan bog‘liq reklama va xabarlar firibgarlar tomonidan xorijiy davlatlardan turib tarqatilmoqda va bu orqali ishonuvchan fuqarolarni pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritishga urinmoqda, deyiladi IIV xabarida.