Xo‘roz urishtirish: O‘rtaga pul tikish va tomoshaga chipta sotish - bu qimor

Urgut tumanida yashovchi Bobur Shodiyorov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bolaligidan xo‘roz boqish va ularni urishtirishga qiziqqan. Uning bu qiziqishi oila qurib, ro‘zg‘or tashvishlari boshiga tushgach ham qolmadi. Albatta, buning zarari bo‘lmasligi mumkin edi. Biroq...

U bolalikdagi qiziqishi ortidan daromad olish yo‘llarini izlay boshladi. Shu bois Quyi Algar mahallasidagi o‘zi yashaydigan hovlida 16 metrli ayvon quradi. 2019 yil avvalidan bu yerda “arena” tashkil qilib, haftaning har chorshanba kuni noqonuniy faoliyat - xo‘roz urishtirishni yo‘lga qo‘ygan. O‘yinni ko‘rgani kelganlarning har biriga 8 ming so‘mdan “chipta” sotib, daromad ola boshlagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi A.Ahmadov ushbu ishni atroflicha o‘rganib chiqib, Bobur Shodiyorovga nisbatan 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Abdurahmon ABDULLAYeV,

Bosh prokuraturaning boshqarma prokurori.