Samarqandda xo‘rozlarni "pul tikib" urishtirish uchun tuzilgan yashirin "arena" faoliyatiga chek qo‘yildi
Samarqand shahrining Minsk ko‘chasida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbir davomida Samarqand shahar Bulung‘ur ko‘chasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan Sh.A. shaharning Minsk ko‘chasida joylashgan uylarning birida “arena” ko‘rinishida joy qilib, xo‘rozlarni pul evaziga urishtirib, qimor o‘yini tashkil qilganligi aniqlandi.
Surishtiruvlar davomida 13 nafar fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan xo‘rozlarni urishtirish maqsadida olib kelganligi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
IIB xodimlari tomonidan tadbir davomida xo‘roz urishtirish tomoshasiga kelgan 476 nafar fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning jinoyatga aloqadorligi tekshirildi va ushbu shaxslarga tegishli 132 ta transport vositalarining hujjatlari ko‘zdan kechirildi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.