Qorasuv maskanida qimorxona tashkil qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yil 8 yanvardan 9 yanvarga o‘tar kechasi soat 01:00 larda Samarqand shahar IIBning 2-son jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan shahardagi Qorasuv maskani, Obod mahallasi 11-uyda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida ushbu uyda ijarada yashab kelgan, Ishtixon tumani Yangikent mahallasi Jonrohat qishlog‘ida ro‘yxatda turuvchi 1989 yilda tug‘ilgan S.I. uyning alohida xonasini tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yini o‘tkazish uchun tashkil qilib, 4 nafar tanishlariga sharoit yaratib berganligi aniqlandi.

Qimorbozlar davrasidan karta kalodalari, 3 million 685 ming so‘m pul va 100 AQSh dollari tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.    

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) 1-kismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.