Qorasuv maskani atrofiga manzarali daraxtlar o‘tqazilmoqda

Bugun Samarqand shahri Qorasuv massivining Bahodir Yalangto‘sh nomli mahalladagi ko‘p qavatli uylar oldiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida 1,5 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Faxriylar, viloyat va shahar hokimligi vakillari, davlat tashkilotlari, korxona va muassasalar xodimlari, faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Zebuniso Rahmonova ishtirok etib, mazkur loyihani viloyat bo‘yicha keng ko‘lamda amalga oshirish lozimligini ta’kidladi.

- Ushbu loyiha doirasida har bir korxona va tashkilotlar, ta’lim muassaslari, mahallalar oldiga, katta avtomobil yo‘llari yoqasiga, aholi yashash xonadonlari xovlisiga bu kabi mevali va manazarali daraxtlarni faqatgina ekish emas, uni sifatli parvarishlash ham zarur, - dedi Z.Rahmonova.

Viloyat ekologiya, atrof muhitni muxofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Ahmedjonov 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mazkur maskanda toza havoni ta’minlash va go‘zallikni baxsh etuvchi manzara tashkil etish rejalashtirilgani, ko‘chatlar bu yerning iqlim sharoitidan kelib chiqib ekilayotganini ta’kidladi.

- Xususan, shumtol, katalpa daraxt ko‘chatlari, bugungi kunda o‘zimizning iqlimga moslashgan pavlovniya kabi ko‘chatlar tanlab olindi va o‘tqazildi, - dedi u. - Qancha ko‘p daraxt ekilsa, shu joy yashillikka burkanadi, toza va mo‘’tadil havo saqlanadi.

Shu o‘rinda bir gap: viloyat bo‘yicha ekiladigan manzarali va mevali daraxtlarni ekish hamda uni parvarishlash ishlari uch yil davomida biriktirilgan tashkilot zimmasida bo‘ladi. Bundan maqsad endilikda har bir ekilgan ko‘chatning egasi va javobgari bo‘ladi. Shunda biz viloyatimizni yashil makonga aytlantira olamiz. Albatta, bunga faol aholi, ya’ni, jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi orqali erishishimiz mumkin.

Tadbir davomida bu kabi loyihalarni tashkil etish va o‘tkazishda viloyat ekologiya boshqarmasi, ekopartiya, o‘rmon xo‘jaliklari, obodonlashtirish boshqarmasining tashabbusi katta bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Loyiha doirasida viloyatdagi barcha bo‘sh joylar tanlab olinib, yashil makonga aylantirilishi aytildi.

***

Eslatib o‘tamiz: “Yashil makon” umummilliy loyihasi, ya’ni dolzarb 40 kunlik davomida viloyat miqyosida qariyib 400 ming gektar maydonda 30 turdan ortiq, o‘zimizning iqlim sharoitimizga moslashgan 6 million 942 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekiladi, uzum hamda pista bog‘lari yaratiladi. Shuningdek, 16 ta shahar va tumanda 19,7 gektar hokimlik bog‘lari, 28,4 gektar “Yashil bog‘”lar tashkil etiladi. Yirik 45 ta korxona tomonidan o‘zi va tutash hududlari atroflarida 122,3 gektar maydonga 98,6 ming tup ko‘chatlar ekilib, “Yashil belbog‘”lar barpo etiladi. Viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sement ishlab chiqaruvchi korxonalari va ularga tutash bo‘lgan hududlari 93 gektar maydonda 16 753 tup ko‘chatlar ekilib, “Yashil belbog‘” tashkil etiladi. 50 ta - 50 sotixdan 2  gektargacha bo‘lgan davlat tashkilotlari bog‘i barpo etiladi.

Husan Eltoyev.