Tarbiyani yaponlardan o‘rganaylik yoxud avval o‘zingizni, keyin bolangizni tarbiyalang!
Ba’zi xalqlarning juda tartib-intizomli ekanini eshitib, bunga ular qanday erishgan ekan, deb o‘ylayman. Masalan, Yaponiya futbol maydonlari o‘yindan keyin ham top-toza bo‘lib turarkan. Tomoshabinlar o‘yingohga pista po‘chog‘i, bo‘shagan idishlaru yegulik qoldiqlari tashlab ketishmaydi. Germaniya ko‘chalarida hatto tupurish juda uyat hisoblanarkan. Xo‘sh, bizda-chi?
Bundan ikki yil avval Samarqand shahri Qorasuv maskanida 12-16 qavatli uylar egalariga topshirilganida uy sohiblari atrofning ko‘kalamligi, ozodaligi, uylarning ta’miridan quvongandi. Haqiqatda bir-biridan ko‘rkam binolar, uylar atrofiga ekilgan gul, maysa va daraxtlar yangi mahallaga o‘zgacha chiroy baxsh etardi. Bu yerga aholi ko‘chib kela boshlagach, hammasi o‘zgardi. Ayrimlar qo‘lidagi bo‘shagan idish, yegulik qog‘ozini duch kelgan yerga tashlab ketyapti. Uylar atrofidagi ko‘m-ko‘k maysalarni bolalar bosib tashladi, ayrim daraxtlarni sindirdi. Pod’yezd va liftlarning ichiga qarab bo‘lmay qoldi.
Lift ichiga nos tupurib ketardi...
Darhol biror chora ko‘rishimiz kerak edi. Biz, qo‘shnilar telegramda gruppa ochib, uyimiz atrofi, pod’yezd, lift va zinalarni ozoda tutish bo‘yicha maslahat qila boshladik. Buni kimdir tushundi, kimdir quloq ham solmadi. Mahallamizda “Nur sharq tess” boshqaruv servis tashkiloti ish boshlagach, ko‘p qavatli uyimiz biroz tartibga tushib qoldi. Ammo shu paytgacha birinchi qavatimiz pod’yezdi 4-5 marta oqlandi, negaki devorlarni bolalar kir qo‘li bilan ushlab, dog‘ qilib tashlayapti. Kamiga kattaroq yoshdagi bolalar rasm chizib, ismini yozib, hatto oyog‘ining izini qoldirib ketyapti.
Har pod’yezdda ikkitadan lift bo‘lib, kichik liftni harakatlantirish uchun bosiladigan tugma qattiq bosilganidan ichiga tushib ketgan. Yaxshiyam “Nur sharq tess” boshqaruv servis tashkiloti har bir liftga chip o‘rnatdi. Aks holda ko‘p qavatli uylarning liftlari bolalar o‘ynaydigan attraksionga aylangandi. Bolalar liftning biridan chiqib, ikkinchisidan tushib, bir-biri bilan quvlashmachoq o‘ynashardi. Lift ichidagi oynalarni artib tozalab bo‘lmasdi, bir kunda yana shu ahvolga qaytardi. Hatto kattalar liftning ichiga nos tupurib ketardi. Shukrki, liftlar ichiga kameralar o‘rnatildi. Uyimiz oldida shinamgina bolalar maydonchasi bo‘lgani holda ayrim bolalar pod’yezd ichida quvlashmachoq o‘ynab, balkon eshiklarining oynalarini bir-necha bor sindirib ketdi.
Yaqinda bir bola yo‘lak chetidagi chiroqlarni mushtlab ketayotganini ko‘rib qoldim. Qarasam, ancha-muncha chiroqlar yorilgan, singan, qolganini ham ishdan chiqarish maqsadida goh qo‘li, goh oyog‘i bilan tepib ketyapti. Yugurib borib, bolaga tanbeh berdim.
Bir kuni ishdan qaytayotsam, ayol kishi 10-12 yoshdagi qizi bilan ketayotgan ekan. Qiz qo‘lidagi bo‘shagan idishni ko‘p qavatli uy orqasiga otib yubordi.
- Uy atrofi senga chiqindi tashlaydigan joymi? Ana , uy oldida chiqindi tashlaydigan idishlar bor-ku. Ol, tashlagan narsangni, – dedim.
Ayol ham, qiz ham pinagini buzmadi, gaplarimni eshitmagandek yo‘lida davom etib ketishdi. Onada yo‘q tarbiya bolasiga o‘tarmidi...
Odamlar tepadan yuvindi tashlaydi
Birinchi qavatda yashaydigan qo‘shnimiz Baxtiyor aka har kuni uy atrofidagichiqindini terib chiqadi.
- Derazadan uyimiz atrofidagi chiqindilar juda xunuk ko‘rinadi. Chiday olmaganimdan chiqib teraman, - deydi u. – Tepadan chiqindi tashlaydiganlar ham bor, necha marta telegram guruhida aytdim, ogohlantirdim, shunda ham yog‘li yuvindini kimdir maysalar ustiga tashlayapti.
Uyimiz orqa tomonida ikkita favvora bor. Yozning jazirama kunlarida aholi kechki payt shu yerda dam oladi. Bu yil yozda favvoralar deyarli ishlamadi, bunga ham odamlarning o‘zlari aybdor. Sababi, favvoralar ishga tushgach, bolalar va ayrim kattalar ham qo‘lidagi chiqindisini suvga uloqtirib ketadi. Buyam kamdek, bolalar ichiga tushib cho‘miladi. Ikki kunda favvora ichi chiqindiga to‘ladi. Bo‘shagan idishlar tepada, cho‘kadigan chiqindilar suv tagida yig‘iladi. Hatto suvga qog‘oz, salfetka tashlanayotganidan suv aylanib turadigan trubalar tiqilib qolayotgan emish.
Baraka eshikdan kiradi
Holbuki, bugun maskanda chiqindi tashlaydigan idishlar har bir ko‘p qavatli uylar va do‘konlar oldiga o‘rnatilgan. Bugun yangi maskanning ozodaligini saqlashimiz uchun ayrim kattalarning tarbiyaga muhtojligini ko‘ryapmiz. Onalar bolasini nazoratsiz qo‘yib yuborib, o‘zlari o‘rindiqlarda gap sotib o‘tiradi. Loaqal kitob o‘qib o‘tirganini ko‘rmaysiz. Ba’zi ayollar kuni bilan tashqarida g‘iybat qilib o‘tiradi-yu, eshigining oldi, pod’yezd va zinalarni artmaydi. Bizga kattalar: “Baraka eshikdan kiradi, bolam. Doim uying atrofi uying ichi kabi toza bo‘lishi kerak, aks holda farishtalar kirmaydi”, deb o‘rgatishgan.
Qorasuv maskanida yaratilgan barcha shart-sharoitlar odamlarning farovon yashashi uchun barpo etilgan. Nega biz buni qadriga yetmayapmiz? Axir ayrim hayvonlar ham dumi bilan atrofini supurib turadi.
Yuqorida gapni bejiz yapon xalqidan boshlamadim. Ularning maktablarida farroshlar yo‘q, o‘quvchilarning o‘zlari darsdan so‘ng sinfxonani tozalaydi. Bunday usul ularni tozalik, intizom va mehnatga o‘rgatadi. Qaniydi, bizda ham mana shunday tartib joriy etilsa.
Xurshida Ernazarova.