Payariqda qimorxona fosh etildi, huquqbuzarlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
1 aprel kuni soat 20:30 larda viloyat IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi va davlat xavfsizligi xizmati xodimlari Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi 43 yoshli J.Xurshid o‘zining yashash xonadonida qimor va “LOTO” o‘yinini qonunga xilof ravishda tashkil qilganligini aniqladi.
O‘yin tashkil etilgan xonadondan “LOTO” o‘yinida ishtirokchilar tomonidan tikilgan va ularning o‘ynashlari uchun sharoit yaratish evaziga berilgan 298 000 so‘m pullar, o‘yinda ishlatilgan va zaxiradagi 235 dona toshlar, 790 dona ushbu o‘yinda foydalanish uchun mo‘ljallangan 50 so‘mlik tangalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Payariq tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan J.Xurshidga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, huquqbuzarlar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.