Totalizator tuzog‘iga ilinayotgan avlod

“Bir soatda 100 dollar topishni istaysizmi?”, “Ko‘p pul topish uchun ajoyib imkoniyat”, “Osongina, hech qanday mehnatsiz, uyda o‘tirib, kuniga 1000 dollar toping”...

O‘ziga ohanrabodek jalb etayotgan bunday so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda reklamalar orqali turli kanal va guruhlarga a’zo bo‘lishni taklif qilib, yoshlarni totalizator o‘yinlar domiga tushirib qo‘ymoqda.

Keyingi yillarda sport totalizatorini o‘ynash darajasi butun dunyoda oshib boryapti. Masalan, dunyoda eng ommaviy sport turi futbol hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 4 milliarddan ortiq odam futbol o‘yinlarini tomosha qilar va musobaqalarni kuzatar ekan. Bu haqda fikrlashishdan avval totalizatorga mukkasidan ketib, pul yutqazgan hamda o‘z joniga qasd qilishgacha borgan ikki voqeaga e’tiboringizni qaratsam.

Umra ziyoratiga yig‘ilgan pul o‘yinga sarflandi

–  Yoshim 22 da, avtomoykada ishlayman. Totalizatorga pul tikishni ikki yil oldin bir tanishimdan o‘rganganman. Boshlanishi yomon bo‘lmadi. 100 ming so‘m tikib, 1 million so‘mgacha yutardim. Shuning uchun o‘yinga qiziqishim yanada ortdi. Ammo buning hammasi katta summa tikish uchun qiziqtirish ekanligini bilmasdim.

Bir kuni chempionlar ligasi o‘yinida nomdor jamoaga 500 dollar tikdim. Endi yutdim deganda, telefonim ishdan chiqdi va yutqazib qo‘ydim. Bu texnik nosozlik bo‘lsa kerak, deb yutqazgan pulni qaytarish ilinjida buvimni Umra ziyoratiga jo‘natish uchun yig‘ilgan pulni ham o‘yinga tikdim. Afsuski, ko‘proq pul tikilgach, yana yutqazdim va o‘yindan chetlatildim.

Qimorning xumori yomon

Totalizatorda pul topishni kasb qilgan  insonlar giyohvand modda ta’sirida  bo‘lgandek, o‘yin domiga tushib qoladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda so‘nggi yillarda 6 milliondan ortiq odam qimor o‘yinlari sabab kasal bo‘lib, davolanishga muhtojligini va o‘zini boshqara olmayotganini ma’lum qilgan.

Yaqinda paynet shoxobchasida ishlovchi yigit rahbariga tegishli pulni totalizatorda yutqazib qo‘yib, o‘zini pichoqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, xodim Paynet shoxobchasidagi kassadan do‘kon egasiga tegishli bo‘lgan 6 million so‘m pulni sport totalizatorida yutqazib qo‘ygan. Shundan so‘ng u shok holatida do‘konda turgan pichoq bilan o‘ziga jarohat yetkazgan va hushini yo‘qotgan. O‘ziga kelganda esa nima bo‘lganligini tushuntirib berolmagan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, internetda tavakkalchilikka asoslangan bunday o‘yinlar qurboniga aylanayotganlarning aksariyati “Z” (zed) avlod vakillari hisoblanadi. Bu avlod  mobil telefonlar bilan ulg‘ayayotgan - 1997-2015 yillar oralig‘ida tug‘ilganlardir. 2019 yilda ularning 97 foizi mobil telefondan foydalangan va 78 foiz “Z” avlod vakillari ma’lumot olish va maroqli vaqt o‘tkazishni asosiy vositasi sifatida smart qurilmalarni ko‘rsatgan. Shuning uchun ham ular mediamakoniga “sho‘ng‘ib” ketgan.

Xo‘sh, bu avlodni axborot xurujlaridan, bukmekerlik va totalizator tipidagi qimor o‘yinlardan qanday saqlash mumkin?

Ochig‘i, zamonaviy o‘quvchi quruq matn bilan qoniqmaydi. Ularning ishonchi va e’tiborini qozonish uchun ko‘proq foto va videomateriallardan iborat vizual axborotlarni aniq va sodda yetkazish talab etiladi.

Buning uchun, avvalo, barcha o‘quv muassasalarida, hududlarda, mahallalarda IT-markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda sohaga malakali media-mutaxassislarini jalb qilish kerak. Shuningdek, saytlarda reklama qilinayotgan qimor o‘yinlarini cheklash hamda undan foydalanuvchilar faoliyatini  qonun bilan nazorat qilish maqsadga muvofiq.

Fazliddin Ro‘ziboyev.