Payariqning navolari boshqacha

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov Payariq tumanida tug‘ilib o‘sgan. Shu yerning keng dala-dashtlarida qo‘shiq xirgoyi qilib ulg‘aygan, qo‘liga soz olib ashulalar ayta boshlagan. Maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtida o‘qiganida ham uning ilk qo‘shiqlari tinglovchisi payariqliklar bo‘lgan.

Erkin aka bugun Samarqandda yashab ijod qilsa-da, doim Payariqqa talpinadi. Tuman ahlini, qishloqdoshlari va yaqinlarini o‘z ijodidan bahramand etishga intiladi.

Kuni kecha Erkin Qaytarov yana Payariqda konsert berdi. Faqat bu galgi dastur avvalgilardan biroz farq qilib, qo‘shiqlarni asosan uning shogirdlari, “Payariq navolari” ansambli jamoasi ijro etdi.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun yurtimizda keng ommalashayotgan besh muhim tashabbusdan biri – yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etish, ularning musiqa, teatr, kino, rassomlik va boshqa san’at turlariga qiziqishini oshirishga qaratilgan, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov. – Ana shu tashabbus asosida tajribali san’atkorlar, xalq artislari va xizmat ko‘rsatgan artistlar oldiga  joylardagi madaniyat muassasalari, musiqa va san’at maktablarida o‘z ijod maktablarini yaratish, yoshlarga saboq berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shundan kelib chiqib, men ham bir paytlar nafaqat tumanimiz, balki viloyatda ham mashhur bo‘lgan, ammo keyinchalik faoliyati deyarli to‘xtab qolgan Payariq tumani madaniyat bo‘limi qoshidagi “Payariq navolari” ansambli a’zolari bilan birga ishlash, jamoa repertuarini boyitishga qaror qildim. Yoshligimda o‘zim ham shu ansamblda qo‘shiq kuylaganman, elga tinilishimda bu jamoaning o‘rni katta bo‘lgan. Yana bir tomoni ansambl a’zolarining ko‘pchiligi yaqin do‘stlarim, shogirdlarim hisoblanadi. Shu bois ular bilan ijod qilishning zavqi boshqacha. Ana shu do‘stlarimiz bilan qisqa vaqtda bir qator yangi qo‘shiqlar tayyorladik, milliy qo‘shiqlarimiz, maqom namunalarini ijro etdik. Dastlabki ishlarimiz, ijodimiz natijasidan tomoshabinlarni bahramand etish niyatida “Dilga yaqin qo‘shiqlar” deb nomlagan hisobot konsertimizni muxlislar hukmiga havola etdik.

Dastur “Qashqarcha” “Soqiynoma”, “Nasri uzzol”, “Nasrulloyi”, “Dugoh Husayniy-5”, “Feruz-1” singari maqomlar bilan boshlandi. So‘ngra xalq laparlari, Navoiy, Muqumiy, Sobir Abdulla, Dushan Fayziy g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi. Bu ashulalarni asosan, ansamblning yoshlari kuyladi. Ayniqsa, Yorqin Qobilov, Rasul Muhammadiyev, Norbo‘ta Rustamov, Jalil Rasulov, Nasiba Kengasheva, Dilorom Isomovalarning ijro mahorati muxlislarga manzur bo‘ldi.

– Erkin aka “ustoz-shogird” an’analari asosida bizga maqom qo‘shiqlarini ijro etish sirlarini o‘rgatib kelmoqda, – deydi ansamblning yosh umidli a’zolaridan biri Jalil Rasulov. – Bugun ana shu saboqlar tufayli bir nechta ashulalarni xalqimiz hukmiga havola etdik. Qo‘shiqlar ularga manzur bo‘lganidan o‘zimiz ham juda xursandmiz.

– Ancha vaqtdan buyon bunday konsert tomosha qilmagandik, – deydi Farovon mahallasida yashovchi Salayiddin Ostonov. – Qo‘shiqlar ham, kuy ham, raqs ham o‘z o‘rnida. Ortiqcha shovqin, maza-matrasiz so‘zlardan xoli. Qani endi mana shunday konsertlar ko‘p bo‘lsa. Odamlar asl san’atni sog‘ingan va buni qadrlaydi.

Payariqliklar dastur davomida yigirmadan ortiq milliy-mumtoz navolarni tinglab, maroqli hordiq chiqardi. Yosh ijrochilar esa tomoshabinlar oldida o‘ziga xos sinovdan o‘tdi.

Husniddin XOLDOROV,

Shirinboy MAMADALIYeV (foto).