Urgutga Shabnami Surayyo keldimi?

O‘tgan hafta Urgutda “shanba kuni amfiteatrga Shabnami Surayyo kelarmish”, degan gap tarqaldi.

Haqiqatdan ham 20 iyul kuni Urgut tumaniga Tojikiston Respublikasining Panjikent tumanidan mehmonlar keldi.

Tuman rahbari boshchiligidagi guruh tarkibida panjikentlik tadbirkorlar, fermerlar, madaniyat va san’at xodimlari, ziyolilar bor edi.

“Chegara bilmas do‘stlik” deb nomlangan festivali ishtirokchilari “Jartepa” chegara postida tantanali kutib olingach, Urgut istirohat bog‘ida tashkil etilgan tuman tadbirkorlari ishlab chiqargan mahsulotlar va milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ikki qo‘shni tuman tadbirkorlari hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Shundan so‘ng bog‘dagi amfiteatrda Urgut va Panjikent tumanlari san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Shabnami Surayyo kelmagan bo‘lsa ham, Tojikistonda mashhur boshqa san’atkorlarning qo‘shiqlari urgutlik san’at ixlosmandlariga manzur bo‘ldi.