Pekinda dunyodagi eng yirik aeroport ishga tushdi

Pekinda dunyoning eng yirik “Dasin” aeroporti kecha o‘z faoliyatini  boshladi. Bu haqda Xitoy OAV xabar bermoqda.

Dastlab, mazkur aeroport 2019 yilning 30 sentyabrida faoliyat yuritishni boshlashi rejalashtirilgan edi. Biroq aeroport ilk reyslarga xizmat ko‘rsatishni 25 sentyabr, chorshanbadan boshlab yubordi.

Bugun yer yuzidagi eng yirik aeroport hisoblangan “Dasin”ning qurilish ishlari 5 yil ilgari boshlangan va joriy yilning 30 iyun kuni yakunlangan.

“Dasin” aeroporti Pekin janubida, poytaxtdan 46 kilometr uzoqlikda  joylashgan. Yangi aeroportda to‘rtta uchish yo‘lagi mavjud va u yiliga 620 ming reysni qabul qila oladi. Loyiha bo‘yicha mazkur havo porti 2025 yilda 72 million odamga xizmat ko‘rsatish, 2 million tonna yukni manziliga yetkazishni mo‘ljallagan.

“Dasin” dunyoning eng yirik xalqaro havo porti bo‘lishdan tashqari, eng murakkab aeroport terminaliga ega sifatida ham e’tirof etilmoqda. 25 ta futbol maydoniga teng bo‘lgan aeroportning po‘lat tomi jahondagi aeroport terminallari ichida eng yirigi hisoblanadi. Tom dizaynini ishlab chiqishda mashhur arxitektor va dizayner Zaha Hadid ishtirok etgan.