Mo‘’jizalar osmondan tushmaydi yoxud Xitoy taraqqiyotining sirlari haqida
Xitoyliklarning fe’lini bilish uchun, avvalo, ularning quyidagi maqollarini o‘qish kerak deb hisoblayman: «O‘qib turib fikr qilmaslik - axmoqlik, fikr qilib o‘qimaslik - fojia», «Savdoda eng muhimi - pulni sanash, dehqonchilikda - erta turish», «O‘g‘rilik piyoz o‘g‘irlashdan boshlanadi», “Hatto eng baland tog‘ ham quyoshni to‘solmaydi», «Savdodan topilgan mol - o‘ttiz yilga, ter va qon bilan topilgan mol - ming yilga».
Ana shu nuqtai nazarga ega bo‘lgan el yaratgan mo‘’jizalar haqida dunyo tarixchilari, adib va siyosatchilari tomonidan ko‘p va xo‘b yozilgan. Nazarimda, bu mamlakatning Sharqda, kunchiqarda, tag‘in okeanga yaqin joylashuvining o‘zi mo‘’jiza. Buni bizda Xudoning nazari tushgan, deyishadi.
Eramizdan oldinoq, garchi hududlar o‘rtasida turli nizolar kechayotgan bo‘lsa-da, ushbu zaminda ipakning ixtiro qilinishi Buyuk ipak yo‘liga asos solgandi. Buyuk Xitoy devorining qurilishi esa o‘sha davr arxitekturasidagina yangilik bo‘lib qolmadi. Bu inshoot xalq zakovatining, hamkorligi va mehnatkashligining chinakam timsoliga aylandi. Zero, tasavvuringiz aniq bo‘lishi uchun aytish mumkinki, bizda katta Farg‘ona kanali va Kattaqo‘rg‘on suv ombori qurilishida ham xuddi shunday jarayon kechgan.
Bronza davridayoq xitoyliklar yerosti ma’danlarini qazib olishni o‘zlashtirishgan. Tibet tabobati asrlar davomida shakllangan. Bir suhbatimizda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Uka, Xitoy tabobatining qudrati shundaki, u odamni kasal bo‘lishga qo‘ymaydi», deganida ming karra haq edi.
Taraqqiyotda, hatto mo‘’jizalarda ham tasodiflar bo‘lmaydi. Xalqning irodasi, zakovati ham yillar davomida shakllanadi va biz bu o‘lkada ana shu sivilizatsiyaning natijasini ko‘rib turibmiz. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam «Ilmni Chinda bo‘lsa ham o‘rganinglar», deb bejiz aytmagan. Bu haqda ko‘plab hadisshunoslar rivoyat qilganlar.
Kamina har gal borganimda, avvalo, xitoyliklarning harakat hamda munosabatlarini sinchiklab kuzataman, bu elning yutuqlari sirini o‘zlaridan so‘rab bilishga harakat qilaman. Birinchi anglaganim ularning qonunga itoatkorligi bo‘ldi. Mumkin bo‘lmagan ishni qilishmaydi, hech kim ko‘rmadi-ku, deb fikrlamaydi, yo‘lning ham taqiqlangan qismidan o‘tmaydi. Ayniqsa, maktab va boshqa o‘quv yurtlarida kirish uchun qo‘ng‘iroq chalingach, koridorda hech kimni ko‘rmaymiz. Kutubxonalaridagi jimlik va imo-ishoralarga havasim keldi. Buning ustiga, har birida kamida ikkitadan zamonaviy telefon bo‘lishiga qaramasdan, sal imkon topsa, yo‘lda ham, o‘tirganda ham gazeta yoki jurnal varaqlaydi. Ayniqsa, jamoat joylarida, albatta, stol ustida gazetalar qo‘yilgan.
Janubiy Xitoy viloyatida bir media tashkiloti 20 ta bosma nashrga - gazeta va jurnallarga ega ekan. Sotsialistik tuzumda kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarini joriy etgan va bu borada qoyilmaqom natijaga erishayotgan davlat uchun bu ham oddiy hol ekan.
Kiyinishlari oddiy, tanasiga qulay, didiga munosib libos kiyishadi, kuz, qish va bahorda issiq kiyimda yurishadi. Mehmonlarning birorta savoli javobsiz qolmaydi, do‘konlarga, mehmonxonaga kirganingizda doimo xushmuomalada bo‘lishadi.
Bir gal mehmonxona eshigi tashqarisida askarday turgan yigitga salom berdim, u bir qaradi-yu, indamadi. O‘zimcha ahvolini so‘radim, yana indamadi. Gid bu holatni tushuntirdi: bu yigit faqat yuk bilan keladigan mehmonlarga xizmat ko‘rsatar, boshqalar bilan muomalaga kirishsa, ishdan haydalar ekan.
Maktabda kimyo fani o‘qituvchisi bilan suhbatlashdim, 27 yoshda ekan, universitetni bitirgan, besh yildan beri dars berarkan.
- Oilalikmisiz? - so‘radim undan.
- Ha, xotinim trolleybus haydaydi.
- Farzanlaringiz bormi?
- Biz hali bola parvarishiga tayyor emasmiz.
- Uyingiz bordir?
Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin ijarada turisharkan, u xususiy uy ortiqcha tashvish va xarajat ekanini aytdi. Buni kundalik jadvalidan ham bilsa bo‘larkan. Ertalab soat 6.30 dan 7.30 gacha xotini bilan sport bog‘ida jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanadi. Yuvinish va ertalabki nonushtaga 40 daqiqa ketadi. Soat 8.30 da ishda bo‘lishadi. Ishdan keyin bir soat sayrga ajratilgan. Keyin bir soat kunora kutubxonada yoki sport zalida bo‘lishadi. Kechqurun birgalikda kino, teatr yoki konsertga, haftada bir marotaba restoranga borishadi. Uyga asosan uxlash, dam olish uchun kelishadi.
Umuman, Xitoyda ko‘plab ziyoli va davlat xizmatchilarida uy yo‘q ekan. Imtiyozli uy berish ham yo‘lga qo‘yilmagan, ko‘p qatori kreditga uy olish mumkin. Agar olaman, desa, uy topiladi.
Meni xitoyliklarning o‘z sog‘liklariga munosabati qiziqtirdi. Ertalab ular safida sport bog‘lariga bordim. Bog‘ deganimiz daraxt bilan qoplangan yashillik orasida o‘rnatilgan trenajyorlardir. Bir gektarlik bunday joylar juda ko‘p, atrofida bizdagiga o‘xshab kabob yoki somsa pishirilmaydi, muzqaymoq sotilmaydi. Bu yerda ertalabdan soat sakkizlarga qadar hammani ko‘rasiz: yoshu qari, erkagu ayol, hatto hijobdagilar ham bir chekkada shug‘ullanishadi. Shu sababli Pekinday katta va tig‘iz poytaxtda ham dorixona juda kam. Bori ham tabiiy dorivorlar sotadi. Poliklinika mavqeidagi shifoxonalarda barcha turdagi va toifadagi vrachlar bor. Ular bemorni ko‘rish jarayonida birgalikda yoki onlayn orqali maslahatlashadi. Retseptda shifokorning imzosi bo‘lmasa, dorixona dori bermaydi. Darvoqe, kuchliroq dorilar uchun malakasi yuqori vrachlargina imzo chekadi. Mabodo oldindan ichib yurgan doridan yana olmoqchi bo‘lsangiz ham unga vrach ruxsati kerak.
Xitoy bugun dunyoga chinakam mo‘’jiza ko‘rsatmoqda. Hayotning ko‘plab sohalarida deyarli har kuni bu yerda albatta, bir ixtiro, yangilik yaratilmoqda. Xususan, mamlakatimiz bilan o‘zaro hamkorlik rivojlangan sari biz bu muvaffaqiyat sirlarini ravshanroq bilib boryapmiz.
Bugun yurtimizdagi ko‘plab hududlar Xitoy provinsiyalari va shaharlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati Chin o‘lkasining Shensi, Shandun, Szyansu provinsiyalari bilan birodarlashgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini kambag‘allikdan chiqarishda mazkur hududlar tajribasini o‘zimizda joriy etmoqda. Misol uchun, Narpay va Paxtachi tumanlarida Shandun provinsiyasi, Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida esa Shensi provinsiyasi tajribasini qo‘llagan holda aholini kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Szyansu provinsiyasi tadbirkorlariga esa Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda. Ushbu provinsiyalar rahbariyati va tadbirkorlari shu yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib, o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Hokimlar, ishbilarmonlar bilan manfaatli kelishuvlarga erishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Samarqand viloyati delegatsiyasi ham Xitoyga borib, mazkur provinsiyalarda o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Ko‘plab istiqbolli kelishuvlar imzolandi, yirik investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaror qilindi.
Shuningdek, turizm, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, metallurgiya, mashinasozlik, kimyo sanoati yo‘nalishlarida hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Bugungi kunda viloyatimizda Xitoy tadbirkorlari ishtirokidagi 75 ta korxona mavjud bo‘lib, ulardan 18 tasi to‘liq Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan.
Korxonalarning 54 tasi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida, 5 tasi qurilish, avtomobilsozlik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritib kelishmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi «Aziya Metall Prof» MChJ shaklidagi metallurgiya korxonasida 800 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan. Bugungacha xitoylik hamkorlar tomonidan 33 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan. Korxona o‘ramli metaldan metall quvurlar va profillar, ruxlangan va polimerlangan metall tunukalar ishlab chiqaradi.
Bugun Samarqandda Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanayotgan dilerlar kun sayin ko‘payib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Ushbu avtomobillar sifati, qulayligi, kamxarjligi, xavfsizlik tizimi va boshqa sifatlari bilan xaridorlar ishonchini qozondi. Muhimi, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ham kafolanmoqda.
Yoki Samarqand shahrida aholiga sifatli jamoat xizmati ko‘rsatishda ham Xitoyning “Yutong” kompaniyasi avtobus va elektrobuslaridan foydalanilayotganini oling. Bu ham, avvalo, aholiga qulaylik, qolaversa, transport xizmati ko‘rsatuvchi korxona manfaatiga to‘la mos kelgani uchun tanlanganini unutmaslik lozim.
Anglaganim shu bo‘ldiki, Xitoy taraqqiyotining eng katta manbasi bu-xalqining ongu tafakkuri va qonunga itoatkorligi, mehnatsevarligi. Negaki, bu o‘lkada ishlamaydigan odam tishlamaydi, har bir fuqaro agar mehnat qilmasa, xarob bo‘lishini biladi. Davlat ana shunday tartib va qoidani mahkam ushlagan. Yaqinda borib kelgan ishbilarmon tanishim yana bir gap aytdi. Xitoyda jinoyatchi, landovur, ishyoqmaslarning o‘zlaridan ko‘ra farzandlari bilan jiddiy shug‘ullanishar ekan. Toki shu oiladan yana bitta noshud yetishib chiqmasin deb, u bolalar maxsus maktablarda o‘qitilarkan, kasb o‘rganishiga imkon yaratilarkan.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
Oliy Majlis Senati a’zosi.