Pentagon Tramp hukmronligining so‘nggi kunlaridan xavotirda
Pentagon prezident Tramp harbiy holat e’lon qilgan taqdirda armiya harakatlarini muhokama qiladi. Bu haqda Newsweek yozdi.
Nashrda qayd etilishicha, yuqori mansabdor harbiylar saylangan prezident Jo Baydenga hukumatni qabul qilish jarayonida xalaqit berish uchun Tramp o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga olib chiqish ehtimolini istisno etmayapti. Shuningdek, inauguratsiya va o‘tish davrida tartibni ta’minlash uchun armiyani Vashingtonga olib kirish to‘g‘risida buyruq bo‘lgan taqdirda nimalar qilish kerakligi haqida rejalar tuzilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday «ssenariy»larni ishlab chiqishda Trampni xush ko‘rmaydigan generallargina ishtirok etadi. Amaldagi prezident tarafdorlari va Oq uy ishlanayotgan bunday rejalardan bexabar.
Koronavirus pandemiyasi tufayli AQShda joriy qilingan favqulodda holat tufayli mamlakatning amaldagi prezidentiga qo‘shimcha, keng vakolatlar berilganligi inobatga olinmoqda. Shundan foydalanib Tramp tarafdorlari uni noqonuniy xatti-harakatlarga undashi mumkinligidan va ushbu siyosiy inqirozga Pentagon ham tortilishidan generallar xavotirda.
Tramp asosan e’tiborini raqibi g‘olib bo‘lgan saylov natijalarini bekor qilish rejalariga qaratgani bois amalda mamlakatni boshqarishdan chetga chiqqanligi haqida 23 dekabrda aytilgan edi. Xususan, Oq uy rahbari koronavirusning mamlakat bo‘ylab rekord darajada tarqalishiga qaramay, davlat ishlariga deyarli ahamiyat bermagan. Shuningdek, Tramp iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga doir qonun loyihasi bo‘yicha muzokaralarda qatnashmagan va Rossiya tomonidan AQSh hukumati idoralariga qilingan ommaviy kiberhujumlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rmagan.
17 dekabr kuni Trampning jazavasi tutib, Oq uyni tark etishni rad etganini ma’lum qildi. "Qattiq inkor" paytlarida prezident bir nechta maslahatchilariga Baydenning inauguratsiyasi kuni qarorgohda qolishini aytdi.
Tramp hukmronligining xavotirli so‘nggi kunlariga qaramay, atrofdagilari uning tinchlik bilan o‘z vaqtida iste’foga chiqishiga ishonch bildirishmoqda.