Pokistonda sodir bo‘lgan portlash oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

27 oktyabr kuni ertalab Pokistonning Peshavar shahridagi seminariyada (maxsus diniy o‘quv yurti) sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi va 70 kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy shifokorlar The Dawn nashriga xabar berdi.

“Halok bo‘lgan yetti kishi va jarohatlangan 70 kishi, shu jumladan, yosh bolalar ham davolash muassasasiga yetkazib kelindi”, dedi Lady Reading gospitalining rasmiy vakili Muhammad Asim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Politsiya bo‘lib o‘tgan voqeani tasdiqladi va portlash sabablari o‘rganilayotganligini ma’lum qildi. The Dawn nashrining mahalliy politsiyaga tayanib bergan xabariga ko‘ra, portlash sababi qo‘l bola portlovchi moddaning harakatga keltirilganligi bo‘lishi mumkin.

“Dastlabki ma’lumotlar portlash chog‘ida qo‘l bola portlovchi moddadan foydalanilganini ko‘rsatmoqda”, dedi politsiyaning katta noziri Mansur Ayman.

Shu bilan birga, u voqea joyi o‘rab olinganini va politsiya hodisa tafsilotlarini o‘rganayotganini ta’kidladi.

“Portlash, seminariyada, Qur’onni o‘rganish darslari o‘tkazilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Kimdir seminariya ichkarisiga sumka olib kirgan”, dedi politsiya zobiti Vakar Azim.