Polsha va Belarus chegarasi devor bilan to‘siladi

Polsha respublikasi Senati Belarus bilan chegarada kameralar va barcha to‘siq infratuzilmasi bilan jihozlangan, umumiy uzunligi 418 kilometr bo‘lgan panjara qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Uning qiymati 414 million dollarga baholanmoqda.

Polsha muhojirlar oqimi tufayli ushbu chorani qo‘llashga majbur bo‘ldi.

Varshava Belarus hukumatini chegaradagi vaziyatni keskinlashuvida ayblamoqda. Polsha tomoni fikriga ko‘ra, aynan ular muhojirlarga oldin Belarus hududiga kirishlariga yordam berishadi va keyin ularni Polsha, Litva va Latviya bilan chegaraga yo‘llashadi.

Belarus-Polsha chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holatlari ko‘paygani sababli Varshava ayrim hududlarda favqulodda holat e’lon qildi va u yerga harbiy xizmatchilarni tortdi.

Polsha politsiyasi migrantlarni yengil yoki yuk mashinalarida olib o‘tishga urinishlarni to‘xtatish maqsadida chegara tekshiruvini kuchaytirdi.

O‘z navbatida, Polsha bilan qo‘shni Litva inqiroz fonida allaqachon 400 kilometrlik devor qurilishini boshladi.

Xabar qilinishicha, to‘siqning dastlabki 100 kilometri noyabr-dekabr oylarida chegaraga yetkaziladi. Devor qurilishini 2022 yilning may oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Yevropa Ittifoqi chegarasida migratsiya inqirozi bir necha oy oldin kuchaydi. Minsk muxolifatni ta’qib qilingani va Ryanair samolyoti bilan bog‘liq hodisa uchun sanksiyalar qo‘llanilishiga shunday javob bergan, deya hisoblashadi Bryusselda.

Shu bilan birga, Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, G‘arb sanksiyalari tufayli chegaradagi odamlar oqimini to‘xtatish uchun mamlakat "na pulga, na kuchga" ega.