Mart-aprel oylarida Polshadan yirik tadbirkorlar guruhi O‘zbekistonga kelib bir qator sohalarda biznes qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kutilmoqda
Mazkur masala amaliy tashrif bilan Polshaga borgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiya hamda ushbu mamlakat Savdo-sanoat palatasi raisi Marek Klochko o‘rtasidagi muzokarada muhokama qilingan.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, uchrashuvda ushbu ikki tashkilotlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Marek Klochko kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, kosmetika sohalariga Polsha biznesining O‘zbekistonga bo‘lgan yuqori qiziqishini ta’kidlagan. Shuningdek, joriy yil mart-aprel oylarida Polsha tadbirkorlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilganini va yuqoridagi sohalarga oid ko‘rgazmalarda qatnashish istagini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda ushbu kengashning birinchi yig‘ilishini 2024 yil sentyabr oyida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Mamlakatimiz delegatsiya a’zolari safar davomida, Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi huzuridagi Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) rahbariyati bilan ham uchrashib, mazkur tashkilotning Toshkentda ofisini ochish masalasini ishlab chiqish, ko‘rgazma va yarmarkalarda kompaniyalar ishtirokini ta’minlash, maxsus iqtisodiy zonalar o‘rtasida tajriba almashish to‘g‘risida kelishib olingan.