Tadbirkor bo‘lish uchun eng zarur narsa nima?

Xabar qilganimizdek, Samarqand shahridagi yoshlar markazida respublikamizdagi mahoratli tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida “Biznes marafon” motivatsion treningining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasi, MFaktor loyihasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan marafonda yurtimizning yetakchi tadbirkor-spikerlari hamda AQShdan kelgan spikerlar ishtirok etdi.

Marafonda dastlab har bir spiker qisqa chiqish qilib, yoshlardagi intilish, g‘oyalar va ularning amalga oshirish bo‘yicha tushuncha berdi. So‘ngra savol-javoblar orqali ishtirokchilarning tadbirkorlik, IT sohalariga bo‘lgan qiziqishlariga javoblar berildi.

- Inson umri davomida o‘z oldiga bajarishi lozim bo‘lgan rejalarini tuzib chiqishi va shu maqsad sari intilishi, harakat qilish lozim, - deydi MFaktor loyihasi asoschisi Husan Mamasaidov. – Bitta yaxshi g‘oya inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Sizda hozir buning uchun katta imkoniyatlar bor. Yoshlarda energiya, ta’lim olish, asosiysi, til o‘rganishga imkoniyat ko‘p. Avvalo, ingliz tilini bilish muvaffaqiyatning yarmi demakdir. Urinishdan charchamaslik, xatolardan qo‘rqmaslik kerak. Shunda ko‘zlagan maqsadga erishish oson bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etishi va ularning katta qismi ingliz tilida bemalol gapirishi, fikrini bayon eta olishi xorijdan kelgan spikerlarda katta taassurot qoldirdi.

-  Biz AQShda dunyoning turli davlatlarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub’yektlariga o‘z sohasini rivojlantirish va tadbirkorlarga loyihalarini to‘g‘ri baholash, g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashamiz, - deydi amerikalik spiker Briana Vesenger. – O‘zbekistondan ham ko‘plab tadbirkorlar loyihamizda qatnashishgan va yana ularni taklif etamiz. Xorijdan O‘zbekistonni boy bo‘lmagan davlatlar qatoriga qo‘shishadi, lekin men unday fikrda emasman. Chunki boylik mablag‘da emas, aslida inson kapitalida. Sizlarda aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ular maqsad sari to‘g‘ri yo‘naltirilsa, iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin. Asosiysi, yoshlaringiz izlanuvchan va intilishi bor ekan. AQShda odamlar g‘oyalarini boshqaga aytishga qo‘rqishadi. Chunki g‘oyani boshqalar o‘zlashtirib, o‘zlari amalga oshirishi mumkin. Lekin g‘oyangizni kim bilandir o‘rtoqlashmasangiz uning kamchiligini bilolmaysiz. Shuning uchun ishonchli do‘st yokt oila a’zolari bilan fikrlashgan ma’qul. Shu bois, AQShda ko‘pchilik endi ish boshlayotgan tadbirkorlar sheriklikda tadbirkorlikni ochishadi. Bunga Microsoft yoki Appleni misol keltirishimiz mumkin.

Tadbirda biznesni boshlashdagi dastlabki qadamlar, tadbirkorlikni boshlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi kabi savollarga spikerlar tomonidan misollar bilan javoblar qaytarildi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.