Poytaxtdagi chorrahalarga nega “Vafel chizmalari” yotqizildi?

Poytaxtda kun sayin avtomobillar soni ortib borishi sababli tirbandliklar ham ko‘p uchramoqda. Ushbu muammo ko‘pincha chorrahalarda sabrsiz haydovchilar svetoforning yashil chirog‘i o‘chib-yonayotganida o‘tib ketmoqchi bo‘lishlari sababli yuzaga keladi, deyiladi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabarida.

Ushbu muammoni hal qilish uchun Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari poytaxt Hokimiyati bilan hamkorlikda xalqaro tajribaga asoslangan holda, sinov tariqasida shahar yo‘llarida tirbandlik bilan kurashishning yangi uslubini joriy qilishdi. Xususan, mazkur chizmani qo‘llash qarori qabul qilinishiga Singapurdagi muvaffaqiyatli tajriba sabab bo‘ldi. Ushbu yangilik sababli Singapur hukumati yo‘llardagi holat yaxshilanishiga erishgan.

O‘tgan haftaning oxirida poytaxtdagi bir nechta chorrahalarda yotqizilgan yangi yo‘l chizmasi tashqi ko‘rinishi sababli xalq tilida “vafel chizmasi” deb nomlanadi.

Chizma yordamida harakat yo‘nalishida tirbandlik yuzaga chiqqan holatda chiqish mumkin bo‘lmagan hudud belgilab olinadi va haydovchi to‘xtashga majbur bo‘ladi. “Vafel chizmasi” YHQ bilan belgilangan ba’zi holatlarda o‘ng yoki chap tomonga burilishni taqiqlamaydi.

Chizma parallel kesishadigan sariq rangli diagonal chiziqlardan hosil bo‘lgan kataklar ko‘rinishiga ega. “Vafel chizmasi” mustaqil tarzda hamda chorrahaga yaqinlashish haqida ogohlantiruvchi yo‘l belgisi bilan birga qo‘llanilishi mumkin.

Hozirgi vaqtda sariq rangli kataklar Nukus ko‘chasining Bobur, Abdulla Qahhor, Glinka, Beshyog‘och, Mirobod, Avliyo-Ota, Afrosiyob ko‘chalari bilan kesishmasida – jami yettita chorrahalarda chizilgan.

Sinov tariqasida chizilayotgan chizma tirbandliklar ko‘p uchrab turadigan, boshqariladigan chorrahalarda qo‘llaniladi. Yaqin kunlarda poytaxtning yana 18 ta chorrahalarida, ya’ni quyidagi ko‘chalar kesishmalarida “Vafel chizmalari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda: Nukus – Taras Shevchenko, Nukus – Amir Temur, Nukus – Istiqbol, Mustaqillik – Oqqo‘rg‘on, Mustaqillik – Sayram (7-yo‘l), Mirzo Ulug‘bek – Do‘rmon yo‘li, Do‘rmon yo‘li – Mingbuloq, Do‘rmon yo‘li – G‘azalkent, Do‘rmon yo‘li – Temur Malik, Mustaqillik – Shastri, Mustaqillik – Shahrisabz, Shahrisabz – Amir Temur, Alisher Navoiy – Zarafshon, Sharof Rashidov – Alisher Navoiy, Sharaf Rashidov – Matbuotchilar, Sharaf Rashidov – Afrosiyob, Fidoyilar – Afrosiyob, Shahrisabz – Afrosiyob.

Rejalashtirilgan ishlar yakunlangach, Toshkentdagi qamrab olingan chorrahalarning umumiy soni 25 tani tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori) “Chorrahada harakatlanish” bobidagi 97-bandga muvofiq “Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy to‘xtab, ko‘ndalang yo‘nalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik tug‘diradigan bo‘lsa, chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi”.

Bundan tashqari, fursatdan foydalanib, Yo‘l harakati qoidalarining 103-bandini eslatib o‘tamiz:

“Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo‘nalishda o‘tishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi shart”.

Ammo hozirgi vaqtda bayonnomalarni rasmiylashtirish ko‘zda tutilmayapti: haydovchilarga chizmaning talablarini o‘rganib chiqish uchun vaqt va unga ko‘nikish uchun imkoniyat beriladi.

Hurmatli haydovchilar! Ushbu yangilik sizga qulaylik yaratish uchun yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi talablarni hurmat qilib, ularga rioya qilishingizni so‘raymiz.