Samarqand shahridagi ayrim ko‘chalarda svetofor yonish vaqti uzaytirildi
Ayni kunlarda 2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish, shahar ko‘chalarida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘llar kengaytirilmoqda, ko‘priklar qurilmoqda, shuningdek, ta’mirlash-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bois shaharning bir necha ko‘chalarida avtoulovlar tirbandligi yuzaga kelyapti, deya Zarnews’ ga xabar berdi Samarqand shahar IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi.
Buning oldini olish maqsadida shahardagi Mirzo Ulug‘bek va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida, Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 26 soniyadan 35 soniyaga, Mirzo Ulug‘bek va Shohrux ko‘chalari chorrahasida Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 24 soniyadan 35 soniyaga uzaytirildi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek va Abdurahmon Jomiy ko‘chalari chorrahasida Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 22 soniyadan 35 soniyaga, Mirzo Ulug‘bek va Mahmud Koshg‘ariy ko‘chalari chorrahasida Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 25 soniyadan 35 soniyaga o‘tkazildi.
Shaharning Mirzo Ulug‘bek va Ogahiy ko‘chalari chorrahasida Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 25 soniyadan 35 soniyaga uzaytirilgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari chorrahasida Mirzo Ulug‘bek yo‘nalishi bo‘yicha svetoforning yashil chirog‘i 28 soniyadan 35 soniyaga uzaytirildi.
Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek va Ogahiy ko‘chalari tutashgan qismida Ogahiy ko‘chasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga chiqishni Ozod Sharq ko‘chasidan cheklab, Ogahiy va Ozod Sharq ko‘chalari kesishmasiga 1 donadan "Kirish taqiqlangan", "Harakatlanish chapga", "Harakatlanish o‘ngga", "Bir tomonlama harakatlanish yo‘li" yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Mirzo Ulug‘bek va Ogahiy ko‘chalari tutashgan qismida chapga burilayotgan transport vositalari uchun sharoit yaratish maqsadida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga 1 dona svetofor kallagi o‘rnatildi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek va Shohrux ko‘chalari chorrahasiga hokimiyat yo‘nalishidan harakatlanayotgan transport vositalari Shohrux ko‘chasiga yurish uchun Mirzo Ulug‘bek va Jomiy ko‘chalari chorrahasiga, Jomiy ko‘chasiga burilish uchun Mirzo Ulug‘bek va Mahmud Koshg‘ariy ko‘chalari chorrahasiga yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Mahmud Koshg‘ariy ko‘chasiga burilish uchun Mirzo Ulug‘bek va Mir Said Baraka ko‘chalari tutashgan qismida shahar IIB tomonidan harakatlanayotgan transport vositalari uchun Mir Said Baraka ko‘chasiga burilish uchun Mirzo Ulug‘bek va Jomiy ko‘chalari tutashgan qismida Jomiy ko‘chasiga burilish uchun Mirzo Ulug‘bek va Shohrux ko‘chalari tutashgan qismida shahar IIO FMB tomonidan harakatlanayotgan transport vositalari uchun Shohrux ko‘chasiga burilish uchun "Hammaga yo‘l berilib, o‘ngga burilish mumkin" yo‘l belgisini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.