Svetoforlar: Ularning uvol-savobiga kim javob beradi?
Har kuni biror sabab bilan yo‘lga chiqamiz, tabiiyki, harakat ishtirokchisiga aylanamiz. Manzilga bexavotir yetib olishimiz uchun bir qancha vositalarning sifatli bo‘lishi, talab darajasida ishlashi ham muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri, bugun yo‘llardagi holat, ayniqsa, Samarqand shahriga keladigan bo‘lsangiz mashinalarning tirbandligi kayfiyatingizga yaxshi ta’sir qilmasligi tayin. Ayni paytda boshlangan svetoforlarning ishlamay qolishi ham muammo bo‘lishi turgan gap. Ta’kidlash lozimki, svetoforlarning faoliyati vaqtincha to‘xtab qolishi kunlar soviy boshlashi bilan odat tusiga kiradi. Va albatta, turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladi. Yomoni, shu paytgacha kuzatilayotgan bu muammoga ko‘nikib boryapmiz, aslida muammoning yechimi katta mablag‘ talab qilmaydi, aksincha mablag‘ni tejashga va ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Hisob-kitoblar nimani ko‘rsatadi?
Xorijda ishlab chiqarilayotgan svetoforlarning narxi mamlakatimizga olib kelish xarajatlari bilan o‘rtacha 1000 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Bu rasmiy statistikada berilgan raqam. Xalq tilida “SMU GAI”, deb yuritiladigan maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasi mutasaddilarining aytishicha, bitta chorrahaga svetofor o‘rnatish uchun o‘rtacha 50-80 million so‘m pul mablag‘i sarflanadi.
Joriy yilning o‘tgan davrida 19 ta chorrahaga svetofor o‘rnatilganini hisobga olsak milliardni nari-berisida xarajat qilingani oydinlashadi. Yil oxirigacha yana 16-17 ta shunday qurilma o‘rnatilgach, bir yillik sarf ikki milliarddan kam bo‘lmasligini anglash mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, taklif etilayotgan import o‘rnini bosuvchi fotoelektrik svetoforning tayyorlanish tan narxi esa xorijda ishlab chiqarilgan svetofor narxiga nisbatan 50-55 foiz arzon bo‘ladi. Shuning o‘ziyoq, svetoforlarni muqobil elektr manbalariga ulash qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, bugungi kunda viloyat hududida 206 ta chorrahada svetofor ishlaydi. Ularning 122 tasi Samarqand shahrida joylashgan bo‘lsa, qolgan hududlarda 1 tadan 14 tagacha shunday qurilmalar o‘rnatilgan.
Qayd etish lozimki, tumanlardagi svetoforlar sarf qilgan elektr energiyasi to‘lovi shundoq ham moliyaviy tang ahvolda turgan obodonlashtirish bo‘limlari hisobidan amalga oshiriladi. Samarqand shahridagi svetoforlar uchun esa viloyat byudjetidan pul ajratiladi. Bitta svetoforga bir kunda o‘rtacha 5-12 Kvt elektr energiyasi sarflanishini hisobga olsak, uch rangli qurilmaga bir oyda qancha elektr va mablag‘ ketayotgani oydinlashadi.
Innovatsion yechim topish kimning ishi?
Mutasaddilarning aytishicha, svetofor qurilmalarini homiylik mablag‘lari asosida ham o‘rnatish mumkin. Ta’kidlash lozimki, u homiylar mablag‘idan bo‘ldimi yoki mahalliy byudjet mablag‘laridanmi IIB YHXB mutaxassis xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Aynan ular ruxsat bergandan so‘ng svetofor qo‘yish mumkin.
Biroq na IIB YHXB, na viloyat maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasidan svetofor qurilmalarini muqobil energiya manbalariga ulash mumkinmi, degan savolga aniq javob ololmadik. Birinchi tashkilot o‘rnatish mumkin yoki yo‘qligiga javob bersa, ikkinchisi o‘rnatish uchun mas’ulligini aytishdan nariga o‘tmadi.
Ajablanarlisi shuki, viloyatda elektr energiyasi sarfi va unga to‘lovlarni nazorat qiluvchi korxona mutasaddilari bunga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Ular hatto, Samarqand shahridagi svetoforlar bir kunda, bir oyda qancha elektr energiyasi sarflashini bilmas ekan.
Butun dunyoda iqtisodiyotning «motori» bo‘lgan elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanilayotgan bir vaqtda viloyat elektr tarmoqlari korxonasida bir oyda mavjud svetoforlar uchun qancha to‘lov amalga oshirilayotgani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Respublikamizning boshqa hududlarida innovatsion svetoforlar haqida tez-tez yangiliklar berib borilmoqda. Toshkentda piyodalarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida piyodalar boshqaradigan svetofor o‘rnatilgani haqida ko‘pchilik eshitgan. Samarqandda ham bir-ikkita shunday qurilma o‘rnatildi. Albatta, bu eksperiment-sinov tariqasida amalga oshirilgan. Ammo Samarqandday azim shaharda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilayotgan bir paytda nega yo‘lda asosiy vosita – svetoforlarni to‘xtovsiz ishlab turishi haqida o‘ylab ko‘rilmaydi?
Quyosh batareyasida ishlatish mumkinmi?
Aynan shunday qurilma o‘tgan yili Farg‘ona politexnika instituti talabalari tomonidan tayyorlangandi. Mobil, fotoelektrik avtonom svetofor shahar va qishloqlarning qarama-qarshi yo‘nalishda transport harakatlanadigan yo‘llarda ta’mirlash ishlarini bajarish, maxsus tadbirlar o‘tkazish, piyodalar o‘tish xavfsizligini ta’minlash va boshqa ishlarni bajarishda transport harakatini vaqtinchalik tartibga solishga mo‘ljallangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mobil svetofor quyosh paneli, akkumulyator, optik svetodiodli svetofor, tizimni boshqarish va nazorat qilish elektron bloklaridan iborat. Bularning barchasi harakatlanuvchi aravachaga o‘rnatilgan. Elektr energiya manbai bo‘lgan 50 Vt. li quyosh fotoelektrik paneli, kuchlanish 12 Vt va tok kuchi 70 A/soatli akkumulyator orqali svetoforning tun-u kun bardavom ishlashini ta’minlaydi. Svetofor qizil va yashil yonuvchi ikki seksiyali 8 ta yoritish chiroqlaridan iborat.
Ko‘chma svetofor quyoshsiz holatda ham akkumulyatorlar orqali 14 soatgacha ishlashi mumkin, deyilgandi xabarda.
Farg‘onalik talabalar yaratgan mazkur qurilmani Samarqanddagi har bir maktab va bolalar bog‘chasi uchun xarid qilish qancha muammoga chek qo‘yishini mutasaddilar qachon o‘ylab ko‘risharkan?! Shunday qurilmani o‘zimizda, ko‘hna kentda tayyorlashni yo‘lga qo‘yish haqida-chi?
Svetofor davlat xaridlari uchun Toshkent va Samarqanddagina ishlab chiqarilarkan. Tadbirkorlarning aytishicha, Turkiyada aksariyat svetoforlar quyosh panellari asosida ishlarkan. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, buyurtmachilarning talabi va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda svetoforning konstruksiyasi, funksiyasi, chiroqlarning yonish vaqtlari va intervallarini o‘zgartirish mumkin.
Eng muhimi, zamon talablaridan kelib chiqib, svetoforni masofadan boshqarish tizimiga o‘tkazish mumkin. Ammo bunga hafsala va jur’at qiladigan mas’ul yoki mutasaddi hozircha topilgani yo‘q. Kutamiz va umid qilamiz.
Yo.MARQAYeV.