“Svet” o‘chsayam ishlaydigan svetoforlar kerak!

Har gal ahvol shunaqa – 3-4 tomchi yomg‘ir yog‘ishi bilan elektr ta’minotida uzilish bo‘ladi. Tabiiyki, ishga, azim kentga tund qiyofada yo‘lga tushasan. Taassufki, voqelikning “rivoji” hamisha navqiron shaharda davom etadi: svetoforlar ishlamayotgan, ko‘chalar tirband...

To‘g‘ri, bunday damlarda tegishli davlat xizmatchilari xizmatga shay. Ammo shunday bir sharoitda - shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida yo‘l harakatini qo‘lda tartibga olayotgan YHXB xodimlariga ham achinasan kishi. Chunki ularning birortasini qo‘lida qo‘lqop ko‘rmaysan. Kamiga aksariyati yozgi, nari borsa kuzgi oyoq kiyimida. “O‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘radigan mard topildi-ya”, miyangdan yarq etib o‘tgan o‘y ketidan keyingi keladi. Zamonaviy dunyoda nahot biz hamon qo‘lda boshqarishdan narisiga o‘tolmayapmiz?...

Farg‘onada fevral oyida maktablar oldiga 22 ta quyosh panelli svetoforlar o‘rnatilgani xabar qilingandi. Bizda-chi?

- Samarqand shahrida “aqlli svetofor”lar o‘rnatish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqilgan, - deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov. – Loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishi bilan ishlar boshlab yuboriladi. Xuddi shunday svetoforlarni elektr ta’minotida uzilish bo‘lmasligi uchun quyosh panellari o‘rnatilishi ham rejalashtirilyapti.

Tushunganingizdek, mutasaddilar hammasi mablag‘ bilan bog‘liq, degan odatiy iddaoni bildirishmoqda. Ammo mashhur she’rda “har bahorda shu bo‘lar takror”, deyilganidek, har yog‘ingarchilik davomida aynan qaysi svetoforlarda elektr uzilib qolayotgani aniq-ku. Va aynan shu ko‘chalar eng katta transport oqimiga egaligini bugun oddiy yo‘lovchi ham tushunib bo‘lgan.

Ammo shunga qaramay masalaga yechim topish uchun nima kutilayotganini tushunish qiyin. Mablag‘ yo‘q, deyilyapti-ku, tarzida pisanda qilishga shoshilmang. Chunki qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaridek, fikrimizcha, bugun muayayn ishni amalga oshirish uchun pul muammo emas. Masalan, zamonaviy vositalar bilan jihozlangan 10 dona “Kobalt” va “Neksiya-3” rusumli mashinalar yordamida 282 mingdan ko‘proq qoidabuzarlik aniqlanib, salkam 72 milliard so‘m jarima undirilgan.

Agar boshqa yo‘nalishda aniqlangan jarima summalarini ham qo‘shsak katta raqam hosil bo‘lishini, uning muayyan qismi viloyatda qolishini hisobga olsak, mablag‘ muammo emas, bizningcha.

“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, yo‘l harakati qatnashchilari yo‘l belgilari, shu jumladan, svetoforlarni o‘zgartirish va o‘rnatish yuzasidan hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga doir boshqa takliflar bilan murojaat etish huquqiga ega.

Taklifimiz shu: elektr ta’minotida uzilish bo‘lganda ham ishlovchi svetoforlarni o‘rnating!

Yo.Marqayev.