Past Darg‘omdagi trassada yana bir kishi avtohalokat qurboni bo‘ldi: Aynan shu hududga necha oylardan beri svetofor qo‘yish so‘ralayotgandi

Svetofor qo‘yish borasidagi xatlarni e’tiborsiz qoldirgan tashkilot sudga berilishi aytilmoqda.

21 may kuni tumanning Oqoltin mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida bir kishini mashina urib ketib vafot etdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki aynan mana shu hududga nafaqat aholi, balki viloyat kengashi deputati ham svetofor qo‘yish zarur ekani haqda yozma ravishda mutasaddilarga murojaat qilgani oydinlashdi.

Jumladan, viloyat kengashi deputati Shohrux Jo‘raqulov Past Darg‘om tumani IIB boshlig‘i M.Qo‘ziyevga shu yilning 29 mart kuni masala yuzasidan xat yuborgan.

Ammo hozirgi kunga qadar masala hal etilmagan va navbatdagi fojia sodir bo‘lgan.

Zarnews.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida Past Darg‘om tuman hokimligiga bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, tuman IIB deputatlik so‘rovidan keyin ikki kun o‘tib, joriy yil 1 aprel kuni aynan svetofor o‘rnatish masalasida Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi rahbariga yozma ko‘rsatma yo‘llagan.

Ammo bu xat natijasiz qolgan. Xolbuki, xatda mazkur yozma ko‘rsatmaning muddati 20 kun deb belgilangan bo‘lgan. Hokimlik axborot xizmatining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, IIB tomonidan Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasiga nisbatan yozma ko‘rsatmaning ijrosi o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzilib, chora ko‘rish uchun sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

Albatta, tez orada o‘z vaqtida Bog‘ishamol yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi ham o‘z munosabatini ma’lum qilar, fojia sodir bo‘lgan ko‘chada nega svetofor shu vaqtgacha qo‘yilmagani oydinlashar. Ammo fakt shuki deputat va aholi vakillarining murojaatlariga qaramasdan kechiktirilgan ish bir insonning o‘limi bilan yakun topdi.

Zarnews.uz bu bo‘yicha kuzatuvlarini davom ettirib, voqealar rivoji va sud qarorini ham e’tiboringizga havola etadi.