Bitta svetoforni o‘rnattirish uchun qariyb yarim yil ketdi

Voqea Samarqand shahrining qoq markazi - Universitet xiyoboniga tutash hududda bo‘lgan.

Aslida 2019 yil 24 oktyabr kuni Samarqand shahridagi Nurobod mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Abduahad Shodiyev viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi orqali Akbar Otaxo‘jayev va Orzu Mahmudov ko‘chalari kesishmasida svetofor o‘rnatib berish bo‘yicha murojaat qilgan.

Viloyat IIB YHXB qayd qilingan chorrahada piyodalar va transport vositalarining harakati jadalligi keskin oshib ketganligi sababli GOST-23457-86 davlat standarti talablariga asosan svetofor o‘rnatish lozim, deb topilgan. Shu asosda ushbu ishlarni belgilangan tartibda rejaga kiritib, ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasiga topshiriq berilgan. Bu bo‘yicha fuqaroga viloyat IIB YHXBning 2019 yilning 12 noyabr sanasida javob xati yo‘llangan.

- Oradan ikki-uch oy o‘tganiga qaramay, svetofor o‘rnatilmagach, aholi menga murojaat qildi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sh.Jo‘raqulov. - Dastlab holatni batafsil o‘rgandim. Buning uchun 2020 yilning 10 fevralda viloyat IIB YHXB boshlig‘iga deputatlik so‘rovi yo‘llab, batafsil tushuntirish oldim.

Hammasi tushunarli, muammo aniq, gap faqat uni hal etishda, aniqrog‘i svetoforni o‘rnatishdagina qolgan. Shu bois, nima uchun o‘z vazifasini bajarilmayotganligi yuzasidan izoh so‘rab, viloyat maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasi boshlig‘iga 2020 yilning 30 mart sanasida deputatlik so‘rovi yo‘lladim. Lekin korxona tomonidan hech qanday munosabat bildirilmadi.

Oriyatim keldi, ortingda shuncha odam ishonch bilan umid qilib qarab tursa-yu, muammo yuzasidan jilla qursa tushuntirish berilmasa. Bunday bepisandlik shaxsiyatimgagina taalluqli bo‘lsa bir navi edi. Ammo odamlar qiynalyapti, muammo gazak olib, boshqa ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois deputat xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi E.Turdimovga masalani ijobiy hal qilish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. Tabiiyki, murojaat Kengash raisi tomonidan e’tiborga olinib, bugungi kunda yuqorida nomi zikr etilgan maskanga svetofor o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Endi voqelikning davomini eshiting. Deputat so‘roviga bepisandlik amaldagi qonunlarga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Shunga doir Sh.Jo‘raqulov viloyat maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasi boshlig‘ining deputatlik so‘roviga javob bermaganligi holatini batafsil o‘rganish va qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga xat taqdim qilmoqchi.

Voqealar davomini biz bilan kuzating!