Poytaxtdagi yirik savdo majmuasi kovid-markazga aylantirildi

Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan Atlas savdo majmuasi binosida koronavirusga chalingan va gumon qilingan bemorlarni qabul qilish va taqsimlash markazi ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Taqsimlash markazi 1000 nafar bemorga xizmat qilishga mo‘ljallangan. Markazning birinchi ish kunida 50 nafardan ortiq bemor qabul qilingan. Bundan tashqari, 10 nafardan ortiq bemorga uy sharoitida davolanish uchun zarur tavsiyalar va dori vositalari mazkur markaz tomonidan taqdim etilgan.

Markazda 750 nafar xodimning faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Hozirgi paytda markazda 72 nafar xodim ishlamoqda. Ularning 60 nafari shifokor va hamshiralar bo‘lsa, 10 nafardan ortig‘i yordamchi ko‘ngillilar hisoblanadi.