Prezident bilan gaplashdik

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumida “Yoshlarga – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi”, deya ishonch bildirildi.
Mazkur tadbirda 3 ming 300 nafardan ziyod, shuningdek, hududlardagi studiyalarda 26 ming nafar yigit-qiz ishtirok etib, Yurtboshimiz nutqini tingladi va bevosita muloqot qildi. Jumladan, samarqandlik talabalar ham o‘z takliflarini bildirdi.
- Hozirgi kunda qaysi bir rivojlangan mamlakatga qaramaylik, student society, ya’ni talabalar jamiyati faoliyat yuritadi, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Marjona Samadova. – Men forumda muhtaram Prezidentimizga mamlakatimizda talabalarni o‘zaro birlashtiradigan, bir oliy o‘quv yurti bilan ikkinchi oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadigan, talabalarning chet el oliy ta’lim dargohlarida malakasini oshiradigan, yurtimizdagi 125 ta universitet va institutlarni birlashtiradigan talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklifimni aytdim.
Bu taklif Prezidentimiz tomonidan ma’qullandi. Viloyat hokimligi hamda Samarqand davlat universitetiga mazkur oliygohda talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish topshirig‘i berildi.
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti talabasi Shohnigor Jo‘rayeva ham forumda o‘z fikri bilan ishtirok etib, bitiruvchi yoshlarni qiynayotgan muammoga to‘xtaldi.
- Bugun aksariyat talabalarimiz faqat diplom uchun tahsil olmoqda, - deydi Sh.Jo‘rayeva. – Afsuski, o‘qib bilim olish, o‘z sohasini mukammal egallash ikkinchi masala bo‘lib qolyapti. Taklifim: ish beruvchi tashkilot bitiruvchilarni diplomiga qarab emas, balki malakasiga, bilimiga qarab ishga olsa, shunda ta’lim olishga bo‘lgan mas’uliyat oshardi, bilimli kadrlar ko‘payardi.
Yurtboshimiz bu taklifni ham ma’qulladi. “Sizning gaplaringizga qo‘shilaman va buni har bir yig‘ilishimda alohida ta’kidlayman”, dedi Prezident.
Forumda yoshlar jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilishi aytildi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va mas’ul rahbarlarning yoshlar bilan uchrashuvlari muntazam yo‘lga qo‘yilishi, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etilishi, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilishi hamda ikki va undan ko‘p farzandi shartnoma asosida ta’lim olayotgan oilalarga imtiyozli ta’lim kreditlari joriy etilishi barcha yoshlarni quvontirdi, o‘ziga xos motivatsiya berdi.