«Prikol» emish...

O‘tgan asrning 90-yillarida kishilarni hayratlantirgan simsiz so‘zlashish bugungi kunda oddiy ehtiyojga, turmush tarzimizning ajralmas bir qismiga aylandi va hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Uyali telefon kirib bormagan xonadon qolmadi. Aloqa xizmatining bu turi urfga aylanganini hatto, maktab o‘quvchisi ham bunday imkoniyatdan foydalanayotganida ko‘rish mumkin va bu tabiiy jarayon. Ammo gap bu xususida emas.

20-30 yil ilgari olib yurishga noqulay, yirik va ko‘rimsiz telefon apparatlaridan foydalanilar edi. Yil sayin ularning dizayn va vazifasi jihatidan mukammal avlodlari yaratilmoqda. Dastlabki avlodga mansub uyali telefon apparatlari yagona maqsad – faqatgina so‘zlashuv uchun xizmat qilgan bo‘lsa, zamonaviylari asosiy vazifasidan tashqari, diktofon, radio, foto va videokamera vazifasini ham o‘tamoqda. Ular vositasida matn, surat, videolavha, musiqa yozish, tayyorlash, saqlash, ko‘chirish, jo‘natish va ko‘paytirish singari ko‘plab qo‘shimcha imkoniyatlar vujudga keldi.

Yaqinda avtobusda bir yosh yigit bilan hamroh bo‘lib qoldim. U telefonda el suygan hofiz ijrosidagi qo‘shiqni tinglab ketardi. Beixtiyor telefon apparati ekraniga ko‘z tashladim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, mashhur hofiz o‘rniga... gitara tutgan sariq mushuk boshini ohangga mos tebratardi. Kulishni ham, kuyishni ham bilmay hayron turgandim, hamrohim o‘zicha izoh berdi: «Bu bir prikol-da, aka!».

Afsuski, bunday bachkana, shaxsni tahqirlovchi, hamrohim aytmoqchi «prikol» kliplar holva ekan. Ayrim telefon egalari apparatlariga behayo surat va video­lavhalarni bemalol yozib olib, o‘zlarining zamondan orqada emasliklarini ko‘z-ko‘z qilishga urinayotgani xatarli holdir.

O‘tgan yili bir guruh yigitlarning tengdoshini xo‘rlagani aks etgan videorolik tarqalgandi. Bu jirkanch manzara aynan uyali telefon apparati kamerasi yordamida suratga olingan edi. Albatta, jinoyatni sodir etgan shaxslar topilib, qilmishiga yarasha jazosini oldi. Xo‘sh, jinoyat va shafqatsizlik tasvirlangan bunday videoroliklarni targ‘ib etishdan ko‘zlangan maqsad nima? Savollar ko‘p-u ularga javob topish muhimroq.

Yosh avlodning ongiga yot, buzuq g‘oyalarni tiqishtirish, turli bo‘lmag‘ur fikrlar bilan ularni zaharlash o‘nglab bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu xususda birinchi galda, ota-onalar, yoshlarimiz ta’lim-tarbiya­siga mas’ul ustoz-murabbiylar, vijdoni uyg‘oq, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir ongli fuqaro qayg‘urishi, jon koyitishi zarur.

Abduaziz HOShIMOV.