Propan ortilgan "MAN" yuk avtomashinasi ag‘darilib ketdi

Bugun, 4 dekabr kuni erta tongda "Toshkent-O‘sh" xalqaro avtomobil yo‘lining 196-kilometrida YTH sodir bo‘lgan.

FVV xabariga ko‘ra, "MAN" yuk mashinasi haydovchisi Farg‘onaga propan ortilgan 24 tonnalik sisternani olib ketayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, yon tomonga ag‘darilib ketgan.

Holat yuzasidan voqea joyiga 10 daqiqa ichida Favqulodda vaziyatlar vazirligining "Qamchiq" maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi guruhlari yetib kelgan.

Yuk mashinasi kabinasining deformatsiyasi tufayli haydovchining oyog‘i qisilib qolgan bo‘lib, qutqaruvchilar bir necha soniyada maxsus qutqaruv anjomlari yordamida haydovchini qutqarib olishdi va kasalxonaga yetkazildi. Hozirda u o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Shundan so‘ng FVV va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari hamkorligida yuk mashinasi xizmat ko‘rsatish stansiyasiga evakuatsiya qilingan.