Qadim shaharlarni turizm birlashtiradi
“Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida Xitoyning Sian shahri madaniyati va turizmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlash, xususan, turizmni rivojlantirishga qaratilgan tadbirda Xitoyning qadimiy Sian shahrining turistik salohiyati namoyish etildi.
Tadbirda viloyat va Sian shahri mas’ullari ishtirok etib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
– Sian shahri bilan Buyuk Ipak yo‘li orqali qadimdan savdo-sotiq aloqalari rivojlangan, – deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nozir Ibragimov. – Bugungi taqdimot davomida Sian shahrining turistik salohiyati qanchalik yuqori ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Sianning o‘ziga xosligi shundaki, bu shahar qadimiylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtira olgan betakror shahar hisoblanadi. Bugungi kunda Sian – Toshkent o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan. Biz Sian – Samarqand yo‘nalishida ham aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdik.
Tadbirda turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand viloyati turizm boshqarmasi va Sian shahri madaniyat va turizm boshqarmasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
– Samarqand bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida memorandum imzolab, Buyuk Ipak yo‘lidagi ikki qadimiy shahar o‘rtasidagi aloqalarni qayta tiklaymiz, - deydi Sian shahri madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zuo Dong. – Qadimiy Samarqandning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni barchaga ayon. Bizning Sian shahri ham uch ming yillik tarixga ega. Buyuk Ipak yo‘li Siandan boshlanadi. Uning madaniyati, tarixi ham juda boy. Butunjahon madaniy merosidan joy olgan oltita tarixiy maskan joylashgan. Taqdimotimiz davomida buni yanada yorqinroq tushuntirishga harakat qildik. O‘ylaymanki, bugungi tadbirimiz Sian va Samarqand o‘rtasida turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab beradi.
Tadbir davomida Sian milliy raqslari, xususan, Tang sulolasi qo‘shiq va raqs durdonalari hamda o‘zbek milliy san’ati namunalari namoyish etildi.
Shuningdek, Sian shahri madaniyat va turizm departamenti tomonidan omadli mehmon o‘yini tashkil qilinib, unda sovg‘alar hamda aviareyslarga chiptalar va Sian shahridagi eng yirik mehmonxonalarda joylashish imkoniyati beruvchi yo‘llanmalar taqdim etildi.
– Turistik firmada turoperator sifatida faoliyat yuritaman, - deydi Voris Muxtorov. – Taqdimot davomida Sian shahrining diqqatga sazovor joylarini ko‘rib, sayohatga borish istagi tug‘ilgan edi. Tadbir yakunida o‘tkazilgan tanlovda Sian aviareysiga chipta yutib oldim. Nasib bo‘lsa, bu qadimiy shaharga borib, uning turizm salohiyatini o‘rganib qaytaman.
Alisher Isroilov.