Qashqadaryoda qizlar yoppasiga yo‘qolayotgani haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritildi

Yaqinda Toshkent shahar IIBB matbuot-xizmati qashqadaryolik 14 yashar Sevinch Razzoqovaning yo‘qolib qolgani haqidagi xabarni e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng bu viloyatda Sevinch yoshidagi o‘nlab qizlar yo‘qolgani haqida mish-mishlar tarqalib ketdi.

Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi rahbari Irina Sayfutdinova IIV tomonidan tashkil etilgan brifingda Qashqadaryoda qizlar yoppasiga yo‘qolayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini aytdi, deb xabar bermoqda Sputnik.

«Biz chindan ham Sevinch Razzoqovaning yo‘qolgani haqidagi xabarni e’lon qilgan edik. Biz buni qashqadaryolik hamkasblarimiz iltimosiga binoan bajardik. Negaki, ularda Sevinchni Toshkentda ko‘rganlar bor, degan ma’lumot bo‘lgan. Qashqadaryo haqidagi boshqa faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunday xabarlarga ega emasmiz. Fikrimcha, bu omma orasida bosimni oshirishdan boshqa narsa emas», dedi Sayfutdinova.

IIBB vakilining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p hollarda «sertashvish» onalar 10-15 yil oldingi xabarlarni topib, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lisha boshlaydilar. Shu tariqa keraksiz shov-shuv paydo bo‘ladi.

«Biz bir necha marotaba bu eski ma’lumot ekanligini, fuqarolar o‘rtasida vahima yoyish kerakmasligini so‘rab, iltimos qilganmiz», deb qo‘shimcha qildi u.