Qaysi hududning o‘quvchilari ekobilimdon?

Samarqand shahrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa qatnashdi.

Mazkur tanlov jamiyatda yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillariga nisbatan huquqiy immunitetini shakllantirish, qonun buzilishi holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish kabi maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.

Jamoalar “Bu bizning hudud”, “Intellektual ring”, “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!”, “Eng yaxshi ekologik loyiha” shartlari bo‘yicha bilim va mahoratlarini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent shahrining "Tabiat himoyachilari" jamoasi eng yuqori ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyatining "Yosh ekologlar" jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining "Tabiat do‘stlari" jamoasi egalladi.

- Maktabimizda chiqindilarni to‘plab, qayta ishlash orqali tabiatni asrash hamda qo‘shimcha daromad topishga qaratilgan loyihani amalga oshiryapmiz, - deydi Toshkent shahrining "Tabiat himoyachilari" jamoasi a’zosi Muhammadamin Komilov. - Ushbu loyihamizni bugungi tanlovda ham taqdim etdik. Tanlovda birinchi o‘rinni egallaganimizdan xursandmiz. Kelgusida tanlov g‘olibligi uchun berilgan mukofot hisobidan maktabimizdagi axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlar bilan birgalikda Toshkent shahri havosini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalangan holda aniq ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan loyihani amalga oshirishni maqsad qilganmiz.  

G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, birinchi o‘rinni egallagan jamoa 15 million, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa 10 million so‘m va uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgan jamoa 5 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlov doirasida ishtirokchilar “Yashil makon” umummiliy loyihasi bo‘yicha “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida “Yosh ekologlar bog‘i” tashkil etilishida ishtirok etdi va 600 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.