"Qilni qirq yorgan" huquqshunos Samarqandga keldi
Bundan yigirma yillar avval O‘zbekiston teleradiokompaniyasida "Qilni qirq yorib" nomli intellektual o‘yin o‘tkazilar, unda ekspert sifatida ishtirok etadigan huquqshunos o‘zining odil, oqil, bilimli ekani bilan teletomoshabinlarning mehrini qozongan edi.
Bugun viloyat prokuraturasida prokuratura organlari xodimlari uchun ilmiy-tadqiqot metodologiyasi hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyati bo‘yicha tashkil etilgan seminar mashg‘ulotiga shu huquqshunos keldi. U - Muzaffar Mamasiddiqov bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor. Hamrohi esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti direktori, professor Murod Turg‘unov.
Tadbirda “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tashkil etilish tarixi, bugungi imkoniyatlari, ilmiy salohiyati haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bugun prokuratura organlari xodimlari ishdan ajralmagan holda o‘qishni davom ettirishi, ilmiy izlanishlar olib borib, ilmiy darajalarini egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
— Viloyat prokuraturasida ham shu kunlarda ilmiy izlanish olib borayotgan prokurorlar talaygina, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Ixtiyor Ravshanov. – O‘zim ham tergov faoliyati yo‘nalishida tadqiqotlar olib boryapman. Maqsadim professorlik unvonini olish. O‘qib-izlanishimiz uchun rahbariyat va akademiya tomonidan zarur qulayliklar yaratilgan.
Muzaffar Mamasiddiqov va Murod Turg‘unov Samarqand davlat universitetining yuridik fakultetida bo‘lib, huquqshunoslik kasbini o‘rganayotgan yoshlar bilan ham uchrashdi.
Unda talabalarga yurist kasbining mas’uliyati, sohada ilmiy izlanishlar olib borishning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyati haqida tushuncha berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti kutubxonasi uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan chop etilgan kitob va qo‘llanmalar sovg‘a qilindi.