Qishloq xo‘jaligi ilg‘orlari e’tirof etildi
Xabar qilganimizdek, Samarqandda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan viloyatimizning ilg‘or dehqon va fermerlari, bog‘bon va chorvadorlar, pillakor va sohibkorlar, suvchi-irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlar vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov samarqandlik qishloq xo‘jaligi xodimlarini bayram bilan tabriklab, bu yil erishilgan natijalarni e’tirof etdi.
– Qishloq xo‘jalik sohasi eng sharafli, ayni vaqtda mashaqqatli tarmoqlardan biridir, – dedi E.Turdimov. – Hech bir yil, hech bir mavsum soha vakillari uchun oson kechmaydi, o‘ziga xos sinovlar, murakkabliklar bo‘ladi. Shu jihatdan bu yil ham global iqlim o‘zgarishlari, xususan, yoz faslining keskin issiq bo‘lishi, suv resurslari taqchilligi dehqonlarimizning iroda hamda matonatini sinovdan o‘tkazdi.
Sohada uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi xodimlari bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, salmoqli natijalarga erishdilar. Jumladan, yakuniga yetayotgan yilda viloyatimizda 713 ming tonna g‘alla, 274,1 ming tonna paxta, qariyb 2 million tonna sabzavot, 760 ming tonna kartoshka, 172 ming tonna poliz mahsulotlari, 388 ming tonna meva, 637 ming tonna uzum, 3,3 ming tonna pilla, 338 ming tonna go‘sht hamda 1,5 million tonna sut tayyorlashga erishildi.
Bunda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 12 ta paxta-to‘qimachilik, 13 ta g‘allachilik, 13 ta meva-sabzavotchilik, 6 ta kartoshkachilik va 1 ta dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchi klasterlar faoliyati muhim ahamiyat kasb etdi.
Tantanali bayram tadbirida qishloq xo‘jaligi xodimlarining bir guruhi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Veterinariya fidoyisi”, “Suv xo‘jaligi a’lochisi”, “Chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlari, viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.