"Qodirov ishi" yuzasidan sudlangan sobiq amaldorlar 13 yildan 19 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi
Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, Yunusobod tuman sudi binosida, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
Sud hukmi bilan, 2000-2015 yillarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan Mirag‘lam Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Aziz Musashayxov, Ulug‘bek Xurramov, Yu. Gaipov, Abdurashid Mirzayev, Muhabbat Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A.Ikramov va X.Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «a» bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining «a» bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining «a» bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks)ning 19-moddasi, shuningdek «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun sobiq bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, MXXning (hozirgi DXX) Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzayev 15 yilga, Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Jamshid Fayziyev 13 yilga, Toshkent shahar prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aziz Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzayev, Abdurashid Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Ulug‘bek Xurramov, Yu. Gaipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.
Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.
Sud hukmi e’lon qilingach, raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.