Sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirovga sud hukmi e’lon qilindi
Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, Yunusobod tuman sudi binosida, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sud hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan R.Qodirov (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «a» bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining «a» bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining «a» bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun R. Kadirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.