Qo‘rg‘onda yana do‘mbira ovozi yangraydi
Joriy yilda viloyatimizda buyuk baxshi, xalq dostonlari va termalarning mohir ijrochisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi.
Qo‘shrabot tumanining Qo‘rg‘on qishlog‘ida, dostonchi-shoirlar oilasida tug‘ilgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ota-bobolari an’analarini davom ettirib, “Kuntug‘mish”, “Yakka Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Dalli”, “Ravshan”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Oshiq G‘arib” kabi 30 ga yaqin dostonlarni, juda ko‘p termalarni yod bilgan. Bu doston va termalarning bugungi kungacha yetib kelishiga beqiyos hissa qo‘shgan. Po‘lkan shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bilan birgalikda yod bilgan dostonlarini yozdirish va yozib qoldirish bilan shug‘ullangan.
Viloyat hokimining qaroriga ko‘ra, buyuk oqin, xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tavalludining 150 yilligi munosabati bilan uning sharafiga bunyod etilgan xalq muzeyi yangidan bunyod etilib, yodgorlik majmuasi ta’mirlanmoqda.
Ayni paytda majmuada “Yuksalish qurilish plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Avvalo, eski uy-muzey buzilib, uning o‘rnida zamonaviy binosi bunyod etilmoqda. Shuningdek, loyihada Ergash Jumanbulbul o‘g‘li maqbarasini ta’mirlash, haykalni munosib joyda qayta o‘rnatish, majmua atrofini va obodonlashtirish kabi ishlar belgilangan. Madaniy tadbirlar, tanlovlar o‘tkazish uchun 300 o‘rinli yozgi amfiteatr qurish ko‘zda tutilgan.
Qurilish-obodonlashtirish ishlarini joriy yilning may oyigacha yakunlash va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tavalludining 150 yilligini ushbu ko‘rkam maskanda nishonlash rejalashtirilgan. Tadbirlar doirasida Qo‘rg‘on qishlog‘ida baxshilar tanlovi ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, gazetamizning 2018 yil 1 dekabr, 141-sonida «Baxshi-shoir xalq muzeyi obod maskanga aylanadi» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
G‘.HASANOV.