Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda endi texnik kannabis hamda lavanda yetishtiriladi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma beshinchi sessiyasida tuman hokimi H.Oqbo‘tayevning hisobotida qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, “HIGHBY GROUPS” MChJ O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi tomonidan “Kannabis o‘simligi yetishtirish va qayta ishlash” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur qo‘shma korxona tomonidan “Texnik kannabis yetishtirish va qayta ishlash” loyihasi uchun hozirda 200 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Loyiha doirasida 7 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilib, 60 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Korxonaga 976 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Hozirda yer tekislash va asosiy boshqaruv ofislari qurilishi boshlangan.

Shuningdek, tumanda klaster shaklidagi “ALIHAN ORGANIC AGRO LLC” MChJ xorijiy korxonasi tashkil etilib, 2 ming gektar yer maydoni ajratilgan.

Korxona tomonidan jami 4,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda lavanda gulini ekish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish hamda Yevropa mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportini amalga oshirish belgilangan.

Xorijiy korxona joriy yilda Bolgariya davlatidan qo‘shimcha 2 million tup lavanda ko‘chati keltirilib, ekilmoqda. Bu ishlarga 100 ga yaqin mahalliy yoshlar jalb qilingan. Hozirga qadar 1,5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilgan.

Tuman hokimining qayd etishicha, so‘nggi ikki yilda hududda 17 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan.