Qo‘shrabotga «O‘zMobayl» qachon keladi?
UZTELECOM operatori kun sayin yuksalib bormoqda. U borgan sari zamonaviy xizmatlar ko‘rsatayotgani bilan aholi – mijozlar ishonchini qozonyapti.
Eng muhimi, milliy operator sifatli va arzon mobil aloqa xizmatlarini taklif qilmoqda.
Ammo mana necha yildirki, «O‘zMobayl» mobil aloqa xizmati Qo‘shrabotga yetib kela olmayapti. Masalan, tumandagi Jonbuloq mahallasiga kompaniyaning mobil aloqa xizmatiga mo‘ljallangan antennasini o‘rnatib berish to‘g‘risidagi iltimosimiz bitta bahona – “uskuna yo‘q”, deb bajarilmadi.
«O‘zMobayl» 5G-tarmoq sinovlarini boshladi. Ya’ni, tezligi 1 Gbit/soniyagacha bo‘lgan standartdagi internet xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yayapti.
Shuncha yangilik qilayotgan kompaniya uchun bitta uskunani bahona qilishiga ishonish mumkinkinmi? Bizningcha, murojaatimizni mas’ullar to‘g‘ri tushunib yetmayapti.
Axir, biz zamonaviy internet xizmatlari emas, bor-yo‘g‘i milliy kompaniyaning aloqa xizmati ko‘rsatilishini so‘rayapmiz.
O‘ylaymanki, saylovchilarimning bu murojaati mutasaddilar e’tiboriga yetib boradi va tez kunlarda unga ijobiy javob olamiz.
Omon HAYITOV,
30-Jonbuloq saylov okrugidan xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi deputati.